O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Italiyaning tarixiy ilmiy-ommabop adabiyotlarga ixtisoslashgan yetakchi nashriyotlardan biri – “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi rahbari Sandro Teti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda adabiy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, eng sara asarlarni jahon tillariga tarjima etish borasidagi ezgu tashabbuslar xususida batafsil so‘zlab berdi.
Shuningdek, milliy adabiyotimizni rivojlantirish, ijod ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasidagi chora-tadbirlar haqidagi ibratli sa’y-harakatlar ham italiyalik mehmonda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Sandro Teti Editore” nashriyot uyi rahbari mamlakatimizdagi ma’rifiy yangilanishlarni, bo‘lib o‘tgan saylov jarayonini yuksak baholadi.
Aytish joizki, buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari Italiyaning tarixiy ilmiy-ommabop adabiyotlarga ixtisoslashgan yetakchi nashriyotlardan biri – “Sandro Teti Editore” nashriyot uyida yuqori poligrafik sifatda chop etilgan.
Muloqot davomida xorijlik mehmon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyati, xalqaro adabiy munosabatlar, uyushmaning kelgusidagi rejalari, fayzli “Adiblar xiyoboni” bilan batafsil tanishdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA