Bugun Toshkentda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi dastlabki natijalari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, saylov qay darajada muvaffaqiyatli o‘tishi ko‘p jihatdan uchastka saylov komissiyalari faoliyatiga bog‘liq. Aynan shu jarayonda saylovga oid qonunlar samarasi yuzaga chiqadi, mavjud muammolar aks etadi.

Prezident saylovini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan uchastka saylov komissiyalari tarkibida faoliyat yuritayotgan a’zolarning sifat ko‘rsatkichi tahlil qilinsa, milliy saylov tizimida izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik o‘zgarishlar ijobiy samara berayotganini ko‘rish mumkin.

Bu, avvalo, jami 108 399 a’zoni birlashtirgan uchastka saylov komissiyalari safida ayollar avvalgi saylovlardagidan sezilarli darajada ko‘payganida ko‘rinadi. 2019 yil o‘tgan parlament saylovida uchastka saylov komissiyalari tarkibida 54 ming 400 ga yaqin ayol faoliyat yuritgan bo‘lsa, ushbu saylovda ayni raqam qariyb 2,5 mingga ortdi. Mazkur komissiyalar raislarining 3827, rais o‘rinbosarlarining 4199, kotiblarning esa 5745 nafari xotin­-qiz.

Uchastka saylov komissiyalari tarkibida nogironligi bo‘lgan 1856 fuqaro ish olib bordi. Axborot­-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar esa a’zolarning 19 foizini tashkil etdi.

Ushbu ko‘rsatkichlar saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug va uchastka saylov komissiyalari tarkibiga qo‘yiladigan xalqaro talablarga to‘la mos.

O‘zA