Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi mas’ullari ishtirokida Prezident saylovining dastlabki natijalari yuzasidan poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qayd etilganidek, saylovga tayyorgarlik jarayonida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning alohida ehtiyojiga jiddiy e’tibor qaratildi. Xususan, Prezident saylovini tashkil qilish va o‘tkazishda nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘z huquqidan teng, to‘sqinliksiz foydalanishini ta’minlash maqsadida saylov uchastkalari binolari va ovoz berish xonalarini tanlash hamda jihozlashda milliy saylov qonunchiligida belgilangan barcha shart- sharoitlar yaratildi.

Nogironligi bo‘lgan fuqarolar saylov huquqini ta’minlashda qo‘shimcha shart­-sharoit va imkoniyat yaratishga doir masala O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati va Nogironlar assotsiatsiyasi vakillari fikr-mulohazalari inobatga olingan holda tashkil etildi.

Saylov byulleteni brayl alifbosida ko‘p ming nusxada chop etildi. Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi fuqarolar saylov byulletenida o‘z xohish­ irodasini mustaqil ifoda eta olishi uchun har bir saylov uchastkasi trafaret bilan ta’minlandi. Saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirildi. Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar uchun optik lupalar hamda yoritkichlar ajratildi. Markaziy saylov komissiyasi majlislarini ijtimoiy tarmoq va telekanallar orqali surdo tarjimasi bilan bevosita kuzatib borish imkoni yaratildi.

O‘zA