Bugun poytaxtimizda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi vakillari ishtirokida Prezident saylovi dastlabki natijalari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, 8 may kuni Prezidentning “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan ushbu muhim siyosiy voqea 2023 yil 9 iyul kuni o‘tkazilishi belgilandi.

Saylov kodeksida davlat rahbari saylovini muddatidan ilgari tashkil etish tayinlagan taqdirda tadbir ikki oy ichida o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi. Tayyorgarlik milliy qonunchilikda nazarda tutilgan tashkiliy ishlardan boshlanadi.

MSK tomonidan 2023 yil 10 mayda muddatidan ilgari Prezident saylovi kampaniyasiga start berildi. Prezident saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha ishlar MSK hamda okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan Konstitutsiya, Saylov kodeksi, MSK qarorlari, shuningdek, taqvim-rejaga muvofiq amalga oshirildi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar tartibi, bosqichi va muddati haqidagi xolis axborotlarni saylovchilar va siyosiy partiyalarga belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazish ta’minlandi.

O‘zA