Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan “Agrotec Handels Gmbh” investitsiya kompaniyasi prezidenti va O‘zbekistonning Avstriyadagi faxriy konsuli Boris Kandov bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida mehmonga Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi va yangilangan Konstitutsiya doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatimizda navbatdan tashqari Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish haqida ma’lumot berildi.

B.Kandov muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik izhor qilib, uning muvaffaqiyatli o‘tishiga tilak bildirdi:

– Quyoshli va mehmondo‘st O‘zbekistonga yana tashrif buyurish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Albatta, bugun mamlakatingiz jahon hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lib, bu davlatning xalqaro maydondagi roli tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Ishonchim komilki, bo‘lajak Prezident saylovi xalqaro normalar va demokratik tamoyillar asosida yuqori tashkiliy saviyada o‘tadi, – dedi u.

Mehmon mamlakat rahbariyatining millatlararo va mintaqalararo totuvlikni mustahkamlash, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining birligi va jipsligini ta’minlash borasidagi mutanosib siyosatini ta’kidlab o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekiston bilan Avstriya o‘rtasidagi savdo, investitsiyalar, og‘ir sanoat, oziq-ovqat xavfsizligi, turizm kabi muhim sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

N.Abduraimova, O‘zA