“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan “Barqaror rivojlanish maqsadlari: oziq-ovqat xavfsizligi va suv ta’minoti” mavzuidagi xalqaro konferensiyada qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov 2030 yilgacha qishloq xo‘jaligining rivojlanish strategiyasi doirasidagi amaliy sa’y-harakatlar xususida fikr bildirdi:

— Irrigatsiya va melioratsiya holati yomonlashuvi natijasida foydalanishdan chiqqan 1,1 million gektar yerni oborotga kiritish konsepsiyasi qabul qilindi. O‘tgan davrda oborotdan chiqqan, lalmi, yaylov yerlardan qariyb 580 ming gektari foydalanishga kiritildi. O‘zlashgan yerlarda 280 ming aholi band bo‘ldi va qo‘shimcha 3,7 million tonna mahsulot yetishtirildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarining chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarga 25 yilga ijaraga berilishi belgilandi. Qariyb 1,4 million gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi, 4,5 milliard m3 suv iqtisod qilindi, 350 milliard so‘m subsidiya berildi. Kelgusi 5 yilda yana 500 ming gektar yer foydalanishga kiritiladi, 2 million gektarda suv tejovchi texnologiya joriy qilinadi, — dedi vazir.

Anjumanda agrar tarmoqni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, ajratilgan subsidiya 350 milliard so‘mdan 2,1 trillion so‘mga o‘sdi, 26 turdagi subsidiyalar ajratildi. Go‘sht, sut, tuxum va baliq yetishtirish, tik quduq, sabzavotchilik, texnika xaridi kabilarga 10 dan ortiq yangi subsidiyalar joriy qilindi. Bundan tashqari, subsidiya turi 40 taga yetkazilishi va to‘lig‘icha onlayn berilishi, sohada to‘lovlarni boshqarishning yagona tizimi joriy etilishi ta’kidlandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA