Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Buxorodagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan “Muruvvat uyi” ayollar internatida yashab kelayotgan bir guruh ayollar shaxsini tasdiqlovchi hujjat olish uchun yordam so‘rab murojaat qildi.

Aniqlanishicha, qariyb 35 yildan buyon ushbu muassasada istiqomat qilayotgan besh nafar nogironligi bo‘lgan ayolning  tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati bo‘lmagan.

Ular 1995 yilda tibbiy varaqa orqali “Muruvvat uyi”ga qabul qilingan. Murojaatchilar shu kunga qadar shaxsini tasdiqlovchi hujjat olish masalasi bir necha marotaba ko‘tarilgan bo‘lsada, natija bo‘lmayotganini ma’lum qilishgan.

Mazkur masala Ombudsman nazoratiga olinib, uning Buxorodagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi. Olti oylik o‘rganishlardan so‘ng, FHDYO organlari ushbu ayollarning tug‘ilganlik faktini belgilash uchun hujjatlar yetarli bo‘lmagani sabab shaxsni tasdiqlovchi hujjat berish masalasini ko‘rib chiqishni rad etdi.

Shundan so‘ng nogironligi sabab ularning layoqatsizligi hisobga olinib, Ombudsman tomonidan fuqarolikni belgilashni so‘rab fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga ariza kiritildi.

Ombudsman axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mazkur masala “Muruvvat uyi”da sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Sud tomonidan besh nafar fuqaro manfaatida kiritilgan Ombudsman arizasi to‘liq qanoatlantirildi. Ayollarga ID kartalar rasmiylashtirib berildi.

N.Abduraimova,  

O‘zA