Joriy yil 3-7 iyul kunlari yurtimizda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi hamda “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” shiori ostida xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda.

Haftalik doirasida mamlakatimizda “innovatsion va bilimlar iqtisodiyoti” hamda barqaror rivojlanish “drayveri” bo‘lgan raqamli texnologiyalarning rivoji masalalariga bag‘ishlangan forumlar ham tashkil etilmoqda.

Jumladan, bugun Yangi O‘zbekiston Ivent-Xollining tantanali ochilish marosimi doirasida Jahon sivilizatsiyasi rivojiga hissa qo‘shgan tarixiy shaxslar miniatyuralari ko‘rgazmasining ham ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Kunning birinchi qismida “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” mavzusida xalqaro tadbir va “Yangi O‘zbekiston – Yoshlar mamlakati” shiori ostida sessiyalar tashkil etildi.

Jahonda mashhur teleboshlovchi va jurnalist Ali Aslan moderatorligida o‘tgan yig‘ilishlar qator sohalarda mamlakatimizda olib borilayotgan muhim islohotlar mazmuniga bag‘ishlandi, deyish mumkin.

Masalan, “Yangi O‘zbekiston: qulay biznes muhiti” konferensiyasi ikki qismga, ya’ni “ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan choralar va natijalar”, tadbirkorlar huquqini himoya qilish borasida yaratilgan milliy mexanizm” masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, navbatdagi tadbirda O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohatlar: natijalar va istiqbollar muhokama qilindi.

Tadbirlar davom etadi, 7 iyulga qadar muhim yo‘nalishlar bo‘yicha 30 ga yaqin yig‘ilish va qator qiziqarli uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA