“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida tadqiqot va tahliliy markazlar, biznes hamjamiyat, vazirlik va idoralar tomonidan 50 dan ziyod konferensiya, davra suhbati va amaliy muloqot tashkil etilgan.

“O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar: natija va istiqbol” mavzusidagi sessiyada mamlakatimizda geologiya, konchilik va metallurgiya sohalari rivoji, dunyo bo‘ylab “yashil energetika” siyosati tobora dolzarb ahamiyat kasb etishi asnosida noyob metallar, xomashyo resurslari o‘zlashtirilishi, texnologik ishlab chiqarish zanjiri yaratilishi masalalalari tahlil qilindi.

Hozirgacha respublika hududining tog‘ va tog‘oldi maydonlarining 35 foiz qismi geologik o‘rganilgan. Jumladan, 2017-2022 yillarda 31 000 kvadrat/kilometr maydonda tadqiqot o‘tkazilgan.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari A’zam Qodirxo‘jayev soha rivojida bajarilgan ishlar, yutuqlar va dolzarb muammolar yuzasidan fikr bildirdi:

– Tog‘-kon yo‘nalishi mamlakatimiz sanoatida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Sohada samarali davlat boshqaruvi, xalqaro standartga muvofiq xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilishi tufayli O‘zbekiston dunyo bo‘yicha oltin, mis, uran ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi 10 davlat qatorida e’tirof etilmoqda.

Foydali qazilmalarning istiqboldagi resursini ko‘paytirish uchun 2030 yilga qadar 58 000 kvadrat/kilometr maydonda geologiya-qidiruv ishlari amalga oshirilib, respublika hududining tog‘ va tog‘ldi maydonlari umumiy o‘rganilganlik darajasi 78,4 foizga yetkaziladi.

Anjumanda Germaniya, Fransiya, Turkiya kabi rivojlangan davlatlar bilan aloqa o‘rnatilgani, Yevropa taraqqiyot banki bilan birga tog‘ sanoati kodeksi ishlab chiqilgan ta’kidlandi, mazkur hujjat haqida qisqacha ma’lumot berildi.

Zaminimizda elektromobillar, qayta tiklanuvchi energiya, jumladan, quyosh panellari ishlab chiqarish uchun zarur moddalarga boy konlar bisyor. Bu O‘zbekiston kelajakda yashil energetikani rivojlantirish bo‘yicha ulkan salohiyatga ega ekanidan dalolat.

Tadbir qatnashchilari – xorijiy tuzilmalar vakillari yer qa’ridan hamda yerosti suvidan foydalanishga oid 6 xil davlat xizmati elektron usulga o‘tkazilgani, ruxsatnomalarni elektron ko‘rinishda rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yilgani yuzasidan ijobiy fikr bildirdi.

Sessiya munozara, muhokama shaklida davom etdi. 2023-2030 yillarda mineral xomashyo bazasini boyitish davlat dasturi doirasida belgilab olingan ustuvor yo‘nalishlar sanab o‘tildi. Tadbir sohaga oid videorolik namoyishi bilan tugadi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA