Darhaqiqat, biz dunyoga o‘z so‘zini aytgan va ikki buyuk renessans davrini barpo etgan xalqmiz. O‘tmishning turli davr sahifalarini varaqlar ekanmiz, ajdodlarimizning jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shganiga ko‘plab misollar orqali guvoh bo‘lamiz.

E’tibor qiladigan bo‘lsak, bu yil nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda. Ajdodlarimizdan qolgan boy merosga asrlar osha jahon xalqlari katta qiziqish bildirib kelmoqda. Xususan, qomusiy asar “Boburnoma”ning italyan tiliga tarjimasi ham ulug‘ maqsad yo‘lida amalga oshirildi.

O‘zA muxbiri Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shuhrat HAЙIТОVning Sharq va G‘arb dunyosini aql-zakovati, ilm ziyosi bilan hayratga solgan buyuk bobokalonimiz, davlat arbobi, shoir va olim Zahiriddin Muhammad Bobur va “Boburnoma” asari haqidagi fikrlariga e’tibor qaratdi…

– Xalqimizning ulug‘ farzandi Bobur go‘zal xulq-atvor egasi, taqvo, shijoat, halollik, vafodorlik, sabr-toqat, himmat, adolat, rahm-shafqat kabi ulug‘ insoniy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan betakror shaxs bo‘lib, bu xislatlar uning ijodida ham yaqqol ifodasini topgan, – deydi Sh.Hayitov. – Bobur dunyo olimlari nigohida Temuriy shahzoda, buyuk imperiya asoschisi – podshoh, dilbar shaxs. Shuningdek, sohib devon shoir, tarixchi, geograf, yirik nazariyotchi olim, adabiyotshunos sifatida nozik did, qattiqqo‘l tanqidchi, yangi yozuv kashfiyotchisi va tarjimon kabi qator fazilatlar egasi. Bundan tashqari, jahoniy shuhratga ega bo‘lgan qomusiy “Boburnoma” asari bunyodkori hamdir.

“Boburnoma”da 1494-1529 yillar Markaziy va Kichik Osiyoda, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida kechgan voqealar real, xolis bayon etilgan. Asar qimmatini oshiradigan jihatlardan yana biri unda bir yarim mingdan ziyod shaxs nomi zikr etilgan bo‘lsa, shundan yetti yuz nafarga yaqini shohlar, hokimlar, amir-amaldorlar, din ulamolari, ilm-fan, san’at va adabiyot ahillari, dehqonlar, hunarmand va boshqa kasb egalaridir. Bu shoh asarda ayniqsa, ilm-fan, san’at va adabiyot ahillariga katta o‘rin berilgani alohida e’tiborga molik.

Xullas, ushbu memuar asarning ilm-fan sohasidagi o‘rni benazir. Jahonda Bobur va uning shoh asari haqida o‘ttizdan ortiq roman, yuzlab hikoya va esselar yozilgan, yana ko‘plab tarixiy-ilmiy asarlar, doktorlik dissertatsiyalari, qator kinofilmlar yaratilgan. Mazmun va qamrov jihatidan keng bo‘lgan bu ishlar bugun ham yuqori sur’atlarda davom ettirilmoqda.

Darhaqiqat, “Boburnoma” muallifiga katta sharaf keltirgan, dunyoda o‘xshashi yo‘q asar. U fanning turli sohalarini qamrab oluvchi takrori yo‘q tarixiy manba. Shu bois ham uni dunyo olimlari mana necha asrlarki, katta qiziqish va o‘ziga xos qunt bilan o‘qib-o‘rganib kelishadi. Asar shu kunga qadar yigirmadan ortiq tilga tarjima qilingan bo‘lib, ularning har biri turli yillarda qayta-qayta chop etilgan.

Bobur Mirzoning boy adabiy-ilmiy merosi nechog‘li buyuk ekanligini Sharq va G‘arb olimlari tomonidan bildirib kelinayotgan fikrlardan ham bilish mumkin. Ular Boburning insoniy fazilatlarini, shuningdek, yirik lashkarboshi, hayot qiyinchiliklaridan qo‘rqmaydigan sarkarda, ilm-fan va san’atni sevadigan, ijod ahlini qadrlovchi olijanob shaxs ekanini chuqur hurmat bilan tilga olishadi.

Jumladan, shotlandiyalik davlat arbobi va tarixchi Maunstyuart Elfinston (1779-1859) “Boburnoma”ni “Osiyoda yagona, chinakam tarixiy tasvir namunasi” deb baholasa, rus sharqshunos olimi, Sankt-Peterburg akademiyasi akademigi Vasiliy Bartold (1868-1903) “Turkiy nasrning mumtoz realistik namunasi”, deb ta’riflaydi.

Mashhur Mojor sharqshunos va tilshunos olimi Herman Vamberi (1832-1913) “Boburnoma”ni Yuliy Sezar “kommentariylar”iga qiyoslar ekan, bu asar undan-da ko‘ngilga yaqinroq ekanligini keltiradi. Bunday yuksak ta’rifu e’tiroflarni yana uzoq davom ettirish mumkin. “Boburnoma”ning dunyo tillariga qilingan tarjimalari tarixiga e’tibor qaratsak, bu shoh asarni ilk bor fors tiliga Shayx Zayn o‘girgan bo‘lsa, undan so‘ng Mirzo Poyanda va Muhammad Quli Hisoriy (1586), Abdurahim Xonixonon (1589), Tog‘ay Murod Qarluq Xatloniy tarjima qilgan.

Vitsen golland tiliga (1705), J.Leyden, V.Erskin (1826), R.M.Koldekot (1844), F.Tolbot (1909), L. King (1921), A.Beverij (1922), V.Tekston (1996, 2002) ingliz tiliga, A.Kayzir (1828), V.Stamler (1990) nemis tiliga, P.D.Kruteyl (1871), B.Grammon (1969) fransuz tiliga, R.R.Arat (1943-1946) turk tiliga, M.A.Sale (1948, 1958) rus tiliga, M.Nosiriddin (1924), R.Axtar Nadviy (1969), Hasan Bek (2000) urdu tiliga, Yu.Navalpuriy (1974) hindchaga, B.Kojabekov (1990) va I.Jemeney (2022) qozoqchaga, H.Temur (1992) uyg‘urchaga, V.Jilay (1997) xitoy tiliga, E.Mano (1998) yapon tiliga, M.Komas (2001) ispanchaga, M.Maxluf (2013) arab tiliga, Sh.Yorqin (2007) fors-dariy tiliga, F.Bayatiy (2009) va R.Askar (2011) ozarbayjon tiliga tarjima qilishgan.

Qo‘lyozma faksimile nashrlarini dastlab Qozonda N.I.Ilminskiy (1857) va Londonda Beverij xonim (1905) nashr ettirgan. O‘zbekistonda dastlab jadid alloma Fitrat (1928) ayrim parchalarini e’lon qilgan.

Shuni alohida faxr bilan qayd etish joizki, keyingi yillarda dunyoda bu bebaho asarga bo‘lgan qiziqish yanada ortmoqda. Uning yangi tarjima nashrlari bunyod etilib, mavjudlari qayta chop etilmoqda.

Masalan, ushbu muhtasham asarni o‘tgan yili qozog‘istonlik olim Islom Jemeney qozoqchada navbatdagi tarjimasini yaratib, Olmaotadagi “Nurli olam” nashriyotida chop ettirgan. Yaqinda italiyalik sharqshunos olim Federiko Pastore tomonidan italyan tiliga ilk bor tarjima qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun nafaqat mamlakatimizda, balki jahonning ko‘plab davlatlarida buyuk ajdodlarimiz merosiga qaratilayotgan e’tibor, ulardan qolgan boy ilmiy-adabiy merosni tadqiq etish har qachongidan-da dolzarb ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Boisi bu yil nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda. Binobarin, “Boburnoma”ning italyancha tarjimasi ham ushbu xayrli ishlarning amaldagi mantiqiy davomi va natijasi, desak, xato bo‘lmaydi. Ushbu tarjima o‘zbek va italyan xalqlari o‘rtasidagi adabiy va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining samarasi sifatida birinchi bor italyan o‘quvchilariga taqdim etilmoqda.

Italiyaning tarixiy ilmiy-ommabop adabiyotlarga ixtisoslashgan “Sandro Teti Editore” nashriyot uyida yuqori poligrafik sifatda chop etilgan “Boburnoma” tarjimasi Prezidentimizning kirish so‘zi hamda tarixchi, atoqli italyan olimi va adibi Franko Kardini so‘zboshisi bilan boshlanadi (3-9 bet).

Undan so‘ng tarjimada (asosiy matn) I bo‘lim – Farg‘ona voqealari (13-132 bet), II – Kobul voqealari (135-280 bet), III bo‘lim – Hindiston voqealari (283-449 bet) Lug‘at (442-445 bet) hamda tarjima xususiyatlari muallif eslatmasi – so‘ngso‘zi (446-447 bet) o‘rin olgan.

Birinchi sahifasida O‘zbekiston xalq rassomi Malik Nabiyev tomonidan chizilgan Bobur portreti aks etgan.

Asarni italyan tilida chop etish jarayonlariga mazkur nashriyot rahbari Sandro Teti boshchiligidagi malakali tarjimonlar, muharrirlar va dizaynerlarning katta guruhi jalb etilgan. Kitobni tayyorlashda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov va italiyalik taniqli turkolog, professor Federiko De Rensi ilmiy va adabiy muharrir sifatida ishtirok etgan.

Italiyaliklar o‘rta asr oxiri, renessans vakili Nikkolo Makyavellining “Davlat to‘g‘risida” nomli risolasini zamonaviy siyosatni o‘qitishda muhim qo‘llanma sifatida qadrlaydi. O‘ylaymizki, endi mana shu asar yoniga “Boburnoma” ham e’zozlanib o‘qib o‘rganiladi. Sababi, unda Temuriylar davri madaniyati, davlatchiligi to‘g‘risida muhim ma’lumotlar bor. Zero, F.Kardini Bobur “So‘z san’atiga mehr qo‘ygan buyuk hukmdor yoxud saltanatni sevgan buyuk adib”, deya bejiz aytmagan. Olim bunday qarorga kelishining o‘ziga xos sabablarini ilmiy-tarixiy aniq ma’lumotlar asosida izohlashga harakat qiladi.

“Boburnoma”ning mazkur italyancha tarjimasiga amerikalik sharqshunos olim V.M.Tekston tomonidan amalga oshirilgan inglizcha nashr “The Baburnama. Memories of Babur“ (1996) asos qilib olingan bo‘lib, tarjimon fikriga ko‘ra, u Bobur Mirzo yodnomalarining barcha xususiyatlarini imkon qadar saqlab qolgan. Garchand “Boburnoma”ning A.Beverij tomonidan tayyorlangan inglizcha tarjimasi (London, 1922) ko‘plab xorijiy tillardagi nashrlar uchun asos vazifasini bajargan bo‘lsa-da, V.M.Tekston tarjimasi mukammallik jihatdan undan farq qiladi. Shu bois italyancha tarjimaga A.Beverijning tarjimasidan roppa-rosa 75 yildan keyin, 1996 yilda professor Viler Tekston tomonidan uchinchi bor yaratilgan “Boburnoma”ning mukammal inglizcha tarjimasi asos qilib olinadi.

“Boburnoma”ning italyancha tarjimasi bilan tanishar ekansiz, tarjimon zarur o‘rinlarda ba’zi so‘z va terminlarga izohlar va qo‘shimcha ma’lumotlar berib borganiga, boburiylar davriga oid 96 ta badiiy miniatyuradan foydalanganiga guvoh bo‘lasiz. Nazarimizda, ushbu xususiyat tarjimaning nafaqat mazmun-mohiyati, balki noyob rasmlari bilan ham juda qimmatli ekanligini belgilaydi.

Keltirilgan suratlar o‘sha zamon uchun tarixiy, geografik, etimologik omillarni to‘liq hisobga olgan holda, kitob qahramonlarining xarakterlari va ichki dunyosini haqiqiy, realistik tarzda ochib berishga xizmat qiladi.

Masalan, ularda Hindistonning hayvonot va o‘simliklar dunyosi, ziyofat, ov, turmush manzaralari, tarixiy voqealar yorqin va ishonarli tasvirlangan miniatyuralar aks etadi hamda ular tarjimaning turli sahifalariga joylashtirilgani bilan ahamiyatli. Bir so‘z bilan aytganda, mashhur mo‘’jaz rasmlar ranglar palitrasi, nafis bezaklari va teran ma’nosi bilan ajralib turadi.

F.Pastore kitob so‘nggida yozgan sharhida “Boburnoma” o‘z davrining kundalik hayotini qayta tiklashga imkon beradigan, Islom tamadduniga xos avtobiografik asarning ilk rostgo‘y namunasi ekaniga alohida urg‘u beradi. Bu bekorga emas. Zero, Bobur hazratlari o‘zining bu hayotnomasidagi har bir so‘zi rost yozilishini maqsad qilib qo‘yganini ta’kidlab o‘tgan. Ehtimol, tarjimon buyuk mutafakkirning shu aytgan aqidasidan kelib chiqib xulosa qilgan bo‘lsa, ajab emas.

Yana bir jihat…

Aslini olib qaraganda, O‘zbekiston va boqiy Rim shaharlari o‘rtasidagi o‘zaro ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hamkorlik aloqalari qariyb ikki ming yillik tarixga ega. Bu jarayonda ikki mintaqani birlashtirib, o‘zaro savdo-sotiq aloqalarining rivojlanishida Buyuk ipak yo‘lining ahamiyati katta bo‘lgan.

Masalan, ko‘hna Maroqand shoyisi aynan shu yo‘l orqali Rim imperiyasi hududlarigacha yetib borib, dovruq qozonganligi manbalarda qayd etilgan. Tarixda uzoq hukm surgan Rim va boburiylar imperiyasi ko‘pgina xususiyatlariga ko‘ra dunyo davlatchiligi tarixida o‘ziga xos mavqega egaligi bilan ajralib turadi. Italiyalik mashhur olim va adib F.Kardini so‘zboshida ayni shu buyuk tarix va Turon zaminining betakror va salobatiga urg‘u qaratadi.

Yana bir italiyalik tarixchi, o‘rta asrlar bo‘yicha yirik mutaxassis, 1940 yilda Florensiyada tug‘ilgan F.Kardini Rim va boshqa davlatlar tarixining yetuk bilimdoni hisoblanadi. Ayniqsa, salib yurishlari va o‘rta asrlardagi boshqa turli tarixiy voqealarga oid, shuningdek, diniy-ma’rifiy, ayniqsa, islomshunoslikka oid monografiya va tadqiqotlarini dunyo ilmiy jamoatchiligi yaxshi biladi. U “Boburnoma” tarjimasi so‘zboshida O‘rta Osiyo tarixi, Bobur va boburiylar sulolasi faoliyati, uning butun jahon davlatchilik tarixidagi beqiyos o‘rni borasidagi “iqrorlari”ni ko‘plab misollar orqali dalillaydi. Olim nazarida O‘zbekiston zamini qadimdan dunyoga juda ko‘p buyuklarni yetishtirib bergan diyor. Bu xalq jahon tamadduni rivojiga katta hissa qo‘shgan, ayniqsa, ilm-fan sohalarida ko‘plab haqiqatlarni isbotlab bergan zamindir.

F.Kardini fikriga ko‘ra tarix ibrat ko‘zgusi, buyuk muallim, ilm, ma’naviyat va tarbiyadir. Shu bois ham u o‘z fikrlarini boburona uslubda, ya’ni ro‘y-rost, ochiq-oydin ruhda bayon etadi. Tarix, o‘tmishdan saboq olish, undagi xatoliklarni takrorlamaslikka, dunyoga ma’naviyat va ma’rifat ulashgan xalqlar hamda ularning buyuk ajdodlariga hurmatda bo‘lishga chaqiradi. Hindistondagi “o‘zga Renessans izlari” va unga buyuk Rim – Italiyada bo‘lgan munosabat xususida to‘xtalar ekan, u o‘z xalqining shu paytga qadar Hindiston va Turon zamindagi millatlarga past nazar bilan qarashganini, aksar holatlarda ularga nohaq zulm qilinganini, o‘zga xalqlar faqat boylik manbasi sifatida ko‘rilgani va bu katta xato bo‘lganligini afsus bilan yozadi: “Biz hatto o‘z jinoyatlarimizni tezroq yashirish va o‘zimizni oqlash uchun “tarixi yo‘q xalqlar” degan soxta tushunchani o‘ylab topdik. Holbuki, biz ushbu millatlardan zo‘rlik bilan tortib olgan boyliklar aslida ularning haqiqiy, asl va nihoyatda behisob xazinalarining yuzaki, tashqi bir qismi edi, xolos”.

Italiyaning mashhur yozuvchilari Dante Aligerining “Ilohiy komediya”, Bakkachoning “Dekameron”, Petrarka va Vergiliyning sonetlari, Janni Rodarining ertaklari allaqachon jahon durdonalari safiga qo‘shilgan. Jumladan, bu asarlarni o‘zbek kitobxonlariga tarjima qilib yetkazilgani ikki mintaqa adabiyoti bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berib, xalqlarni yaqinlashtirishda muhim rol o‘ynaydi. Shu bois qadimda Sharq madaniyatining o‘chog‘i bo‘lgan O‘zbekiston bilan bu boradagi aloqalar ilm-fan va madaniyat sohasida ancha ilgari boshlanib ketgan.

Bizningcha, qomusiy asar “Boburnoma”ning italyan tiliga tarjimasi ham shunday ulug‘ maqsadga xizmat qiladi. Bu o‘zbek va italyan xalqlari o‘rtasidagi azaliy hamkorlikning bugungi kundagi ko‘rinishi, o‘zaro ilmiy-tarixiy va madaniy aloqalarning yangi bosqichga chiqayotganligining yaqqol ifodasidir.

O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.