AOKAda Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, qonunchilikdagi o‘zgartirishlarga ko‘ra, Milliy gvardiya organlari xodimlariga mayda bezorilik, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish, voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish kabi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish, bayonnomalar tuzish va ularni ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar berildi.

Bu nimani anglatadi?

Avvalo, 2019 yilda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga asosan Milliy gvardiyaga 6 ta modda bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar (mayda o‘g‘irlik, pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanishi, xodimlarning talablariga rioya qilmaslik va ularga qarshilik ko‘rsatish hamda h.k.) to‘g‘risida bayonnomalar tuzish huquqi berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 noyabrdagi qarori bilan Milliy gvardiya zimmasiga ommaviy tadbirlar vaqtida, shuningdek, bog‘lar, xiyobonlar hamda bozorlarda jamoat xavfsizligi va tartibini saqlash vazifasi ham yuklatilgan edi.

Belgilangan vazifalarni bajarishda ko‘p hollarda jamoat tartibini buzgan shaxslarga chora ko‘rish zarurati paydo bo‘ldi. O‘sha paytda Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari bayonnoma tuzish huquqiga ega bo‘lmagani sababli huquqbuzar va boshqa shaxslarga chora ko‘rish uchun Ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Bu esa ortiqcha qog‘ozbozlikka olib kelgan va fuqarolarga biroz noqulaylik tug‘dirgan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuningdek, Prezidentimizning farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligi tizimini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 1-bandini bajarish maqsadida qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Joriy yilning 12 may kunidan Milliy gvardiyaga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yana 16 ta moddasi bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlash vakolati berildi.

Huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar qayerga yetkaziladi va bayonnomalar qanday rasmiylashtiriladi?

Ayni paytda fuqarolarni Ichki ishlar bo‘limiga yoki mahalla fuqarolar yig‘ini (mahalla ma’muriy binosi/qishloq fuqarolar yig‘ini)ga olib borish zaruratini minimallashtirish maqsadida jamoat xavfsizligi va tartibini saqlashga jalb etilgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari planshetlar bilan ta’minlandi. Endi harbiy xizmatchilar tomonidan joyning o‘zida shaxsni aniqlash va elektron shaklda bayonnoma tuzish tartibi amalga oshiriladi hamda mazkur bayonnoma sudga yoki Milliy gvardiya mansabdor shaxslariga yuboriladi.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari bilan belgilangan reja asosida muntazam ravishda milliy qonunchilikni, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashni, huquqiy sohalarda harbiy xizmatchi va xodimlar harakatining asosiy standartlari va modellarini o‘rganish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ko‘rsatilgan moddalarga ko‘ra, Ichki ishlar boshqarmasi va Milliy gvardiya organlari ishlarni ko‘rib chiqishda teng huquqlidir.

Yangi qonun bilan Milliy gvardiya organlariga MJtKning 16 ta moddalari bo‘yicha huquqbuzarliklarga doir ishlarni yuritish vakolati berildi. Ulardan hujjatlarni rasmiylashtirib sudga yuborish vakolati berilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA