Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan bugun, 16 iyun kuni Markaziy saylov komissiyasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ijroiya qo‘mitasining saylovlarni kuzatish missiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda MSK raisi o‘rinbosari B.Ko‘chqorov saylov qonunchiligidagi yangiliklar, Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Saylov kampaniyasi tadbirlari Saylov kodeksi talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Xususan, saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi haqidagi nazariy bilimlari va amaliy tajribasini oshirish, saylov jarayoniga zamonaviy axborot kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish, xotin-qizlarning saylovlardagi o‘rnini kuchaytirish, imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida missiyaning shtabi ish boshlaydi va kuzatuvlarni tashkil etish bilan bog‘liq barcha tadbirlarni o‘tkazadi. Missiya shtabi vazifalari saylov jarayoni borishi haqida materiallarni to‘plash, ularga ishlov berish va tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishdan iborat.

Missiya vakillari  qayd etib o‘tganlaridek, 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatib borishda o‘z faoliyatini ochiq, oshkora va ob’ektiv olib boradi.

Muhtarama Komilova, O‘zA