Xabar berganimizdek, bugun, 18 iyun erta tongda AQSHning Nyu-Orlean shahrida o‘tkazilgan navbatdagi professional boks kechasida hamyurtimiz Shahram G‘iyosov yarim o‘rta vazn toifasida amerikalik Xarold Kalderon bilan ro‘baro‘ keldi. 12 raundga mo‘ljallangan jang to‘liq davom etdi. Professional boksda 27 jang o‘tkazib biron marta ham mag‘lubiyatga uchramagan Kalderon bu safar G‘iyosovning shiddatli zarbalari oldida ojiz qoldi. Hakamlarning yakdil qarori bilan 120-108, 118-110, 116-112 hisoblarida Shahram o‘zining 14- g‘alabasini tantana qildi.
Aytish joiz, ushbu to‘qnashuv WBA yo‘nalishida majburiy da’vogarlik jangi maqomiga ega bo‘lib, G‘iyosov endi WBA yo‘nalishi chempioni Errol Spens yoki WBA Regular chempioni Eymantas Stanionis bilan jang qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Kecha oqshom Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ham navbatdagi professional boks kechasida bir qator bokschilarimiz ringga ko‘tarildi.
RCC Boxing promousheni tomonidan tashkil etilgan ushbu boks bahsida super o‘rta vazn toifasida boschimiz Odiljon Aslonov 8 raundga mo‘ljallangan jangda rossiyalik Vasiliy Shtikni mag‘lubiyatga uchratdi. Aslonov mezbonlar vakilini texnik nokautga uchratib, professional boksdagi to‘rtinchi g‘alabasini tantana qildi.
Ushbu boks oqshomining markaziy jangi o‘rta vazn toifasida hamyurtimiz Bahromjon Fozilov va rossiyalik Vadim Tukov o‘rtasida kechdi. Jang to‘liq 10 raund davom etdi. Yakunda hakamlarning qarori bilan 98:92, 98:92, 99:91 hisoblarida rossiyalik bokschining ustunligi e’tirof etildi.
Shahramning okean ortidagi ishonchli g‘alabasi, Rossiya ringlarida professional bokschilarimizning shiddatli yurishi, kuni kecha Toshkentda o‘tkazilgan ajoyib boks bahslari O‘zbekiston professional boks hayotida qaynoq davrlar yanada rangbaranglik kasb etayotganini ko‘rsatmoqda.
Bu, yaqin kelajakda yangi yuksalishlar, yorqin g‘alabalar mujdasini boshlab kelishi shubhasiz. Zero, oldinda bizni Bektemir, Isroil, Murodjon, Olimjon kabi bokschilarimiz ishtirokidagi ajoyib janglar kutmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA