Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen o‘rtasidagi telefon orqali muloqot chog‘ida ushbu mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan munosabati masalasi muhokama qilindi. Ma’lumki, Turkiya qariyb 20 yildan beri mazkur tuzilmaga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun harakat qilib kelmoqda. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Prezident YeIni Turkiyaga “huquqiy jihatdan yondashish”ga chaqirib, mintaqaviy muammolar yechimi ko‘p jihatdan Anqara va Bryussel aloqalari mustahkamlanishiga bog‘liqligini uqtirdi.

Matbuot xizmati bayonotida, jumladan, shunday deyiladi:

– Prezident mintaqaviy tahdidga qarshi muvaffaqiyatli kurashish yo‘li YeI va Turkiya hamkorligini kuchaytirish ekanini ta’kidladi. U YeIning Turkiyaga huquqiy yondashuvi, mamlakatni tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlashi yangi istiqbol ochishini qayd etdi.

Turkiya rasmiylari avvaldan YeIga to‘laqonli a’zo bo‘lish Anqaraning strategik maqsadi ekanini aytib keladi. Bu yo‘ldagi muzokara 2005 yildan beri davom etib kelyapti.

O‘zA