Qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha xalqaro agentlik (IRENA) hukumatlararo agentlik bo‘lib, hozirgi kunda unga 180 mamlakat a’zo va u BMT doirasida ish olib boradi. O‘zbekiston ham ushbu tashkilotga a’zo mamlakat hisoblanadi.
Yaqinda Qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha xalqaro agentlik 2023 yildagi Qayta tiklanuvchi quvvatlar statistikasi hisobotini taqdim qildi.
Unga ko‘ra, 2022 yilda qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlarining butun dunyo bo‘ylab o‘sishi qariyb 60 foizi Osiyo hissasiga to‘g‘ri keldi va bu yil oxiriga kelib jami 1,63 teravatt qayta tiklanuvchi quvvatga ega bo‘ldi. Ushbu o‘sishning katta qismi Xitoyda sodir bo‘ldi.
Osiyoda dunyo aholisining 50 foizdan ortig‘i istiqomat qiladi va so‘nggi yillarda mintaqada iqtisodiy o‘sish kuzatildi. Mahalliy iqtisodiyotning o‘sishi bilan mintaqada energiyaga bo‘lgan talab dunyoning boshqa joylariga qaraganda tezroq o‘sib bormoqda.
Mintaqadagi hukumatlar qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha rejalarini belgilab oldi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida Osiyo qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish bo‘yicha Shimoliy Amerika va Yevropani ortda qoldirdi.
Global miqyosda qayta tiklanuvchi quvvatlar 2022 yilda 9,6 foizga o‘sdi va butun dunyo bo‘ylab rekord darajadagi 295 gigavattni qo‘shdi. Hisobotda aytilishicha, bu o‘tgan yili qo‘shilgan barcha energiya quvvatlarining 83 foizini tashkil etadi va o‘tgan yil oxiriga kelib qayta tiklanuvchi ishlab chiqarish quvvatini 3372 gigavattga yetkazdi, deyiladi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabarida.
N.Ziyodullayeva, O‘zA