Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 16 iyun kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning Namangan viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Ikromxon Najmiddinov ochdi. U Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelayotgani, ijobiy o‘zgarishlarni oilalar o‘z hayotida his qilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.

Nomzod dastlab mamlakatimizda tadbirkorlik sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada rivojlantirishga oid rejalari haqida to‘xtaldi.

Xususan, mamlakatimizga chet el banklarini olib kirish, yangi xususiy banklar ochishni rag‘batlantirish hamda depozitlarni kengaytirish hisobiga kreditlar uchun resurs bazasi keskin oshirilishi ta’kidlandi.

– Namanganlik tadbirkorlar xususiy bank ochish tashabbusi bilan chiqsa, biz, albatta, ularga yordam beramiz. Umuman, tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning muqobil tizimlari joriy qilinadi. Jumladan, Namanganda Islom moliyaviy xizmatlariga keng yo‘l ochib beriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Nomzod aholini o‘qitib, ularni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyozlar berilishini ma’lum qildi.

Bunday tadbirkorlarni rag‘batlantirish uchun 2030 yilga qadar yana 6 milliard dollar mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Bu dastur doirasida qiymati 50 milliard so‘mdan yuqori loyiha tashabbuskorlariga infratuzilma xarajatlari to‘liq qoplab beriladi (hozir – 200 milliard so‘m).

Shuningdek, ushbu tadbirkorlar:

– kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlaganda mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi;

– “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilsa, ijtimoiy soliq stavkasi ikki baravarga kamaytiriladi;

– barcha soliqlarni bir yilgacha kechiktirib to‘lashlari mumkin bo‘ladi;

– faoliyatiga doir soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.

Kelgusi yillarda biznes uchun qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma va mol-mulk soliq stavkalari oshirilmasligi qat’iy kafolatlanishi aytildi.

– Bundan buyon ham tadbirkorlar o‘z faoliyatini dadil kengaytirishi uchun biznesga noqonuniy aralashuvlarga to‘liq barham berish va soliq tizimini yanada soddalashtirish islohotlarimizning asosiy tamoyili bo‘lib qoladi, – dedi nomzod. – Biznesga noqonuniy aralashgan, tadbirkorning mulkiga daxl qilgan shaxsga jazo muqarrar bo‘ladi, rahbari esa ishdan ketadi.

Shuningdek:

– qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish shartlari 15 tadan 5 taga qisqartiriladi;

– 107 ta davlat xizmati bo‘yicha to‘lovlar miqdori ikki baravar qisqartiriladi;

– 10 million so‘mdan yuqori soliq sanksiyalari faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda ta’limga oid rejalar haqida to‘xtaldi.

– 2030 yilga qadar Namanganning birorta mahallasida bog‘cha muammosi qolmaydi. Buning uchun 235 ta yangi bog‘cha quriladi va ta’mirlanadi, 1 mingdan ziyod xususiy bog‘cha tashkil qilinadi. Kelgusi yetti yilda qo‘shimcha 100 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratamiz. Bunda 28 ta yangi maktab va 232 ta maktab uchun qo‘shimcha bino quriladi, 268 tasi ta’mirlanadi.

Natijada Namangandagi maktablarda 30 nafardan ortiq bola o‘qiydigan sinflar umuman bo‘lmaydi. Viloyatdagi 11 ta maktab xalqaro standartlar asosida ixtisoslashgan maktabga aylantiriladi, – dedi nomzod.

Kelgusi yetti yilda Namanganda uy-joylar qurish hajmi kamida o‘n marta oshirilishi ma’lum qilindi.

Xususan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 34 ming oila o‘z boshpanasiga ega bo‘ladi. Buning uchun 1 ming 208 ta ko‘p qavatli uy quriladi.

Bundan tashqari, Davlatobod tumanida 50 ming xonadonga ega 721 ta ko‘p qavatli turar joy majmuasi barpo etiladi.

– 3 ming 700 kilometr suv tarmoqlari va 371 ta suv inshooti barpo etiladi va ta’mirlanadi. Bu orqali 123 ta mahallaga (360 ming aholi) ilk bor ichimlik suvi olib kelinadi. Natijada 2030 yilga borib viloyat aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 90 foizga yetkaziladi (hozir – 80 foiz), – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida transport tizimini yaxshilashga oid rejalar haqida ham ma’lumot berdi:

– aholi va sayyohlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Uychi tumani orqali Uchqo‘rg‘on va Norinni markaz bilan bog‘laydigan zamonaviy yo‘l quriladi;

– Pop tumanini Namangan shahri bilan bog‘laydigan elektr poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, Chust va Pop hududidan o‘tuvchi temir yo‘l tarmog‘i tortiladi (12 kilometr);

– eng muhimi, Pop – Namangan avtomobil yo‘lining 75 kilometr qismi xalqaro standartlar asosida 4 tasmali sement-beton qoplamali yo‘lga aylantiriladi (160 million dollar).

Qayd etilganidek, 2030 yilga qadar Pop va Chustda 1 ming 200 mega-vattli 3 ta quyosh elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Norin daryosida 250 mega-vattli 1 ta yirik va 3 ta kichik GESlar ishga tushadi.

Buning hisobiga yiliga qo‘shimcha 5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Bu – Namanganning yillik elektr energiyasi iste’moliga teng.

Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 6,5 ming kilometr tarmoq, 2 mingta transformator va 12 ta podstansiya yangilanishi ma’lum qilindi.

Barcha ijtimoiy va davlat idoralari hamda 15 mingta xonadonga umumiy quvvati 82 mega-vatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatiladi.

Uchqo‘rg‘onning Qirg‘iziston bilan chegarasida yirik “Erkin savdo zona”si tashkil qilinishi ma’lum qilindi. Shuningdek, Namangan xalqaro aeroporti tashqi boshqaruvga berilib, bu yerda “kargo” yuk terminali ish boshlashi aytildi.

Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.

Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA