Italiya Oliy sudi sudyasi Marko Mariya Alma va mazkur mamlakat Sudyalar maktabi ijroiya qo‘mitasining vitse-prezidenti
Marisariya Moregi xonim O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston sudyalar oliy kengashiga borgan mehmonlarni Kengash raisi Xolmo‘min Yodgorov qabul qildi.
Uchrashuvda sud-huquq sohasidagi hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasida rivojlanib borayotgan aloqalarning ajralmas qismi ekani qayd etildi. Barcha davr va davlatlarda sudyaga nisbatan qo‘yiladigan talab – jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash ekani qayd etildi. Biroq, sudyalarni tayyorlash, tanlash va lavozimga tayinlashda har bir davlatning o‘z yo‘nalishi, tartib-qoidalari bor.
Shu ma’noda Sudyalar oliy kengashi, uning huzuridagi Sudyalar oliy maktabi hamda Italiya sudyalar maktabi o‘rtasida sudya kadrlarni tayyorlash, tanlash va tayinlashda o‘zaro tajriba almashishning ahamiyati katta. Chunki tajriba yillar davomida sayqallangan tartibotlar bo‘lib, uni o‘rganmoq ikki taraf uchun ham maqsadga muvofiqdir.
Samimiy o‘tgan muloqotda mehmonlar mamlakatimizda izchil davom etayotgan sud-huquq islohotlari, bu jarayonda sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudyalar daxlsizligini ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etayotgani hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash va tayinlashda joriy etilayotgan innovatsion yangiliklarni e’tirof etdi.
Shuningdek, tizimda gender tengligini ta’minlash, buning o‘zi xos jihatlari hamda yechimlari, shuningdek, hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA