Bugun Toshkentga Xalqaro notariuslar ittifoqi (XNI) yangi saylangan prezidenti Lionel Galliyez janoblari hamda Fransiya notariuslari Oliy kengashi delegatsiyasining 5 kunlik tashrifi boshlandi.
Tashrifdan maqsad – O‘zbekiston notariat tizimi bilan yaqindan tanishish, XNI Prezidenti Lionel Galliyezning O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri bilan uchrashuvi, XNI a’zoligiga qabul qilingan O‘zbekistonda notariat sohasida qisqa muddatda amalga oshirilgan islohotlarni, shuningdek, joriy yilning 10-11 oktyabr kunlari XNIning nufuzli komissiyalaridan biri – Xalqaro notarial hamkorlik komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini tarixiy Samarqand shahrida o‘tkazish masalasini muhokama qilishdan iboratdir.
Dastlab, mehmonlar O‘zbekiston Notarial palatasi binosida Notarial palata rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov O‘zbekiston notariat sohasida islohotlar haqida gapirib, asosiy aksent raqamlashtirishga qaratilganligi, elektron tizimdan samarali foydalanilayotganligi, butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham notariuslarning faoliyati sug‘urta qilinganligi haqida so‘zlab berdi.
Notarial palata shuningdek, soha yaqindan hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan 20 dan ziyod tashkilotlar – Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va Ommaviy kommunikatsiyalar, IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, Majburiy ijro byurosi kabi qator tashkilotlar bilan memorandum imzolagan, hamkorlik doirasida ushbu tashkilotlarga uslubiy ko‘mak ko‘rsatilib, uslubiy qo‘llanmalar yaratildi. Bu yuqoridagi tashkilotlar mas’ul shaxslari tomonidan fuqarolarga notarial harakatlar ko‘rsatilishi bilan bog‘liq barcha muammolarni bartaraf etadi.
Notarial palata, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan ham mustahkam aloqa o‘rnatgan. Shu kungacha 10 ga yaqin xorij mamlakatlari Notarial palatalari – Ukraina, Litva, Belorussiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Fransiya, Germaniya, Rossiya kabi davlatlar notariat tizimlari bilan yaqindan o‘rnatilgan hamkorligi natijasida 40 nafardan ziyod notariuslar xorijda malaka oshirishlari mumkin bo‘ldi. Shu kungacha XNI universitetida uchta notarius tahsil oldi, Germaniyada 2 nafar notarius, Belarus Respublikasida 2 nafar notarius malaka oshirib qaytdi, yana ikki nafari stajirovkaga boradi. Yaqinda Butunrossiya adliya universitetida 30 nafar notarius o‘quv kurslarini tamomlab qaytdi.
Shuningdek, notariuslar huquqiy targ‘ibot bilan faol shug‘ullanib kelmoqdalar. Ular butunjahon ijtimoiy tarmoqlarida hamda “Telegram” messenjeridagi “Notarius maslahati” muloqot chatida jonli efirlar tashkil qilib, fuqarolarga 7/24 rejimida onlayn huquqiy maslahatlar berib kelmoqda. Bu aholiga qulaylik yaratish bilan birga notariuslarga murojaatlar ko‘payib ketishining oldini oladi. Notariuslar elektron notarius tizimi orqali onlayn notarial harakatlarni ham amalga oshirmoqdalar.
Quvonarlisi, mehmonlar qisqa muddat ichida O‘zbekiston notariat tizimida amalga oshirilgan ulkan islohotlar, shuningdek, o‘zbek notariatining shiddat bilan takomillashib borayotganligini e’tirof etdilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston Notarial palatasi raisi D.Ashurov “xalqaro hamkorlik sizlarga nima beradi?” degan savolga javob berdi.
– Bizning maqsadimiz – chet el tajribasini o‘rganib, eng ilg‘or tajribalarni sohaga joriy qilish orqali tizimni takomillashtirish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Uchrashuv O‘zbekiston hududida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar bilan “Notarial idoralarda elektron arxivni yuritish tartibi” mavzusidagi videokonferensiya bilan davom etdi.
O‘zA