Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida shaxsiy tarkib orasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, shuningdek, xodimlarning siyosiy ongini oshirishga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda boshqarma rahbariyati, shaxsiy xavfsizlik xodimlari hamda “Dovud ota” chegara bojxona postining xavfsizlik inspektori qatnashib, bojxona organlarini korrupsiyadan holi tizimga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtaldi.
Ta’kidlash joizki, shaxsiy tarkib bilan olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida boshqarma va barcha bojxona postlarida xizmatning to‘g‘ri tashkil etilishi, xodimlar tomonidan tovar va transport vositalari, fuqarolar hamda ularga tegishli bo‘lgan bagaj va qo‘l yuklarining bojxona nazoratidan to‘laqonli o‘tkazilishi, ijro intizomiga rioya etilishi, shu bilan birga, xodimlarning hushyorligini oshirish maqsadida 2023 yilning o‘tgan davrida 22 marotaba xufiyona tarzda tekshirildi.
Aniqlangan salbiy holatlar bo‘yicha intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Yurt ravnaqi, Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilish har bir xodimning beminnat burchi hisoblanadi. Shu bois o‘z ustida doimiy ishlab, dunyoviy va huquqiy ongini yuksaltirgan inson mukammallikka erishib, xalqimizning farovon turmushiga o‘z hissasini qo‘sha oladi. Uchrashuv yakunida tayyorlangan hujjatli film namoyish etildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA