Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 13 iyun kuni Xiva shahrida Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning Xorazm viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Rashid Ro‘ziboyev ochdi.   U o‘z so‘zida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Xorazm viloyatini har tomonlama rivojlantirish, tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, odamlarning turmush sifatini oshirish bo‘yicha erishilgan natijalarni e’tirof etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.

Dastur beshta strategik maqsadni qamrab olgan:

Birinchi maqsad – har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish. Ikkinchi maqsad – odamlarni hayotdan rozi qilish uchun barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash. Uchinchi maqsad – suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish. To‘rtinchi maqsad – qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish. Beshinchi maqsad – Yangi O‘zbekiston xavfsiz va tinchliksevar davlat.

Nomzod mazkur yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha Xorazm viloyatiga oid rejalarini bayon etdi. Umuman, bu hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun alohida yetti yillik dastur qabul qilinib, unga zarur mablag‘ yo‘naltirilishi aytildi.

Uchrashuvda Xorazm viloyatidagi o‘zgarishlar qayd etib o‘tildi:

–olti yarim yilda viloyat iqtisodiyoti 1,3 marta o‘sib, 32 trillion so‘mga yetdi, aholi jon boshiga daromad 16,5 million so‘mdan oshdi;

–viloyatda bog‘chalar qamrovi 22 foizdan 79 foizga, oliygohlarda esa 8 foizdan 38 foizga ko‘paydi;

– oldin birgina Urganch davlat universiteti bo‘lgan, hozirga kelib 5 ta davlat, 3 ta nodavlat va 1 ta xorijiyoliygoh faoliyat ko‘rsatmoqda;

–talabalar soni 5 karra ko‘payib, 46 ming nafarga yetdi;

28 ta zamonaviy shifoxona va poliklinikalar tashkil etildi;

– 500 mingdan ziyod aholi yashayotgan mahallalarga markazlashgan tarmoqlar orqali suv yetkazib berildi, suv ta’minoti 2017 yildagi 52 foizdan 86 foizga yetdi.

Shavkat Mirziyoyev 2030 yilga qadar viloyatda maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplanishi va qamrov hozirgi 79 foizdan 100 foizga yetkazilishini ma’lum qildi.

Shu maqsadda qariyb 2 trillion so‘m mablag‘ hisobiga 500 ga yaqin yangi bog‘cha tashkil etiladi.

–Kelgusi yetti yilda zamonaviy maktablar barpo etish, mavjudlarining quvvatini oshirish hisobiga qo‘shimcha 90 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Natijada, viloyatda o‘quvchisi 30 nafardan ko‘p bo‘lgan sinflar qolmaydi,– deya ta’kidladi nomzod (hozirda 2 mingdan ziyod sinfda 35 ta va undan ko‘p bola o‘qiydi).

Xorazmda aholining suv ta’minotini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilishi aytildi.

–Aholining zamonaviy uy-joyga o‘sib borayotgan talabini qondirish maqsadida, 50 ming xonadonga ega 2 mingta ko‘p qavatli uylar barpo etiladi. Shu bilan birga, 2030 yilga qadar Urganch, Xiva, Pitnak shaharlari, Gurlan, Tuproqqal’a, Hazorasp, Bog‘ot, Xonqa va Yangiariq tumanlaridagi 1 million aholining suv ta’minoti yaxshilanadi. Bunga 100 million dollar yo‘naltiriladi, – deb ta’kidladi prezidentlikka nomzod.

Bog‘chalarda kompyuter sinflarini tashkil qilish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga planshet tarqatish Xorazmdan boshlanishi ma’lum qilindi.

–Xorazmning “tashrif qog‘ozi” IT bo‘ladi. Avvalo, “maktab – oliygoh – IT kompaniyasi”dan iborat yaxlit IT ta’lim va xizmatlar zanjiri yaratiladi. Buning uchun, viloyatda yetti yilga mo‘ljallangan, raqamlashtirish sohasida “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” deb nomlangan loyihaga start beriladi. Biz bog‘chalarda kompyuter sinflarini tashkil qilish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga planshet tarqatishni Xorazmdan boshlaymiz. Birinchi bosqichda viloyatdagi 543 ta maktabdan 110 tasi tanlab olinib, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga “noutbuk” olib beriladi. Yuqori sinflarda dasturlash, veb-dizayn kabi sohalar kasb sifatida o‘qitiladi, – deya ta’kidlab o‘tdi nomzod.

Uchrashuvda Xorazmda avto va elektromobillar ishlab chiqarish uchun 30 ta korxonadan iborat mashinasozlik klasteri tashkil etilishi ma’lum qilindi.

–Pitnakdagi avtomobil zavodi quvvatlari kelgusi yilning o‘zida hozirgi 90 ming donadan, 150 mingga yetkaziladi. Shu yerning o‘zida yangi avto va elektromobillar ishlab chiqarish uchun 30 ta korxonadan iborat mashinasozlik klasteri tashkil etiladi va import bo‘layotgan 100 xil turdagi butlovchi qismlar mahalliylashtiriladi. Ushbu klasterlarda 2030 yilga kelib, yiliga 2 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi, – dedi nomzod.

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev xorazmlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida keyingi yetti yilda yo‘l, elektr va suv infratuzilmasiga yirik miqdorda sarmoya kiritilishini ta’kidladi.

–2025 yildan Toshkent – Xiva “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun, Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘li 365 million dollar investitsiya hisobiga elektrlashtiriladi. Kelgusi yetti yilda Xorazmda turizm uchun, yo‘l, elektr va suv infratuzilmasiga 200 million dollar sarflanadi, – dedi nomzod.

Uchrashuvda kelgusi yillarda ilmiy tashkilot xodimlarining ish haqi ikki barobar oshirilishi belgilangani ma’lum qilindi.

–Iqtisodiyotning eng tez o‘sib borayotgan yo‘nalishlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirib, “korxona – oliygoh – ilmiy tashkilot” klaster tizimini faol qo‘llab-quvvatlaymiz. Kelgusi yetti yilda amaliy tadqiqotlarga davlat tomonidan 4 trillion so‘m, tarmoqlar va xususiy sektor tomonidan ham yana shuncha mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuningdek, Innovatsiya jamg‘armasiga 5 trillion so‘m ajratilib, yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.

Til va adabiyot, tarix, arxeologiya, madaniyat kabi yo‘nalishlar bo‘yicha alohida ilmiy-tadqiqot dasturlarini qabul qilamiz. Ushbu maqsadlarga kelgusi yetti yilda 2 trillion so‘m ajratiladi. Kelgusi yillarda ilmiy tashkilot xodimlarining ish haqi ikki barobar oshiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga chaqirdi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

O‘zA