Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning filiallarida “Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kamida ikkinchi sport razryadiga ega bo‘lgan, “Sport turining alohida yo‘nalishlari” magistratura mutaxassisligiga esa kamida “O‘zbekiston sport ustaligiga nomzod” yoki “O‘zbekiston grossmeysterligiga nomzod” sport razryadli abituriyentlar qabul qilinishi belgilangan edi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan “ERP sport yagona elektron boshqaruv tizimi, shuningdek, uning quyi “Ijodiy imtihon” axborot tizimi ishlab chiqildi.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida “Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga onlayn hujjat topshirishda faqatgina sport razryadlari “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimiga kiritilgan abituriyentlar imtihonlarda ishtirok etishlari mumkin.

Joriy yilning 20 iyun kuniga qadar sportchilardan razryadlari va unvoni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “ERP sport“ yagona elektron boshqaruv tizimiga o‘z vaqtida, to‘liq kiritilishi talab etiladi.

Sport faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirayotgan abituriyentlar uchun my.sport.uz havolasi orqali sport sohasidagi interaktiv xizmatlar portaliga kirib, mavjud sport unvonlari yoki razryadlari haqida ma’lumot olish xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi xabariga ko‘ra, agarda razryadi bo‘lsayu biroq ushbu tizimdan chiqmasa, abituriyent o‘z hududida joylashgan sport tashkilotiga murojaat qilishi kerak.

T. Ro‘ziyev, O‘zA