Sog‘liqni saqlash vazirligi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bilan hamkorlikda yana bir salomatlik aksiyasiga start berdi.
Bugun yuqoridagi mas’ul tashkilotlar tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga “Salomatlik poyezdi” yo‘l oldi.
Ushbu aksiya orqali Orolbo‘yi mintaqasining havo yo‘llari tarmoqlari yo‘q, avtomobillar harakati uchun sharoitlar yetarli bo‘lmagan uzoq hududlari aholisini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularga zarur dori vositalari va tibbiy sarflov materiallarini yetkazib berish maqsad qilingan.
“Salomatlik poyezdi”ga 1,5 milliard so‘m miqdoridagi 5 tonnadan ortiq dori vositalari va tibbiy materiallar yuklangan bo‘lib, ular orasida profilaktika maqsadida qabul qilinadigan vitaminlar, mikroelementlar hamda kardiologik, endokrinologik dori-darmonlar, shuningdek, shaxsiy gigiyena vositalari mavjud.
Bu poyezdlarda hududlarga yo‘l olgan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining jami 200 dan ziyod malakali mutaxassislari aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.
N.Usmonova, O‘zA