“Forward Italia” partiyasi asoschisi va doimiy yetakchisi, Italiya hukumatini uch marta boshqargan Silvio Berluskoni 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Corriere della Sera” gazetasi xabar berdi.

Aprel oyi boshida pnevmoniya tashhisi bilan kasalxonaga yotkazilgan siyosatchi ikki yil davomida surunkali miyelomonotsitar leykomiyadan aziyat chekkan, kimyo-terapiya muolajasini olayotgan edi. Oxirgi payt bemor Milandagi “San-Raffaele” klinikasida bir oydan ko‘proq davolandi. 9 iyun kuni qayta shifoxonaga yotqizildi.

Silvio Berluskoni 1936 yil 29 sentyabr kuni Milanda tug‘ilgan.

”Hammasiga o‘zi erishgan” ta’rifi bu insonga juda mos keladi. Qurilish va telekommunikatsiya biznesida 20 yildan ziyod muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini yuritgan millioner keyinchalik siyosatga kirib boradi.

1994 yil birinchi marta Bosh vazir etib saylanadi. Ikkinchi bor 2001 yil hukumat raisi bo‘lgach, Berluskoni Italiyaning Ikkinchi jahon urushidan keyingi tarixida besh yil davomida lavozimini to‘liq saqlab qolgan yagona Vazirlar Mahkamasi raisiga aylanadi. 2008 yili unga uchinchi marta hukumatni boshqarish ishonib topshiriladi. 2011 yil aksariyat tahlilchilar taxminiga ko‘ra, mamlakatning moliyaviy ko‘rsatkichi sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatilgani aybi bilan lavozimidan ketishga majbur bo‘ladi.