O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni yanada mustahkamlash, turizm va madaniyat almashinuvini yanada rivojlantirish muhimdir.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi “Oshpaz” jamoasi, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi bilan birgalikda joriy yilning 17-18 iyun kunlari Yevropada ilk bor keng miqyosda “O‘zbekiston madaniyati festivali”ni o‘tkazadi. Mazkur festival doirasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” ham o‘tkaziladi.
Ushbu festival o‘zbek san’ati, madaniyati, an’analari bilan yaqindan tanishtirish, qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, o‘zaro diplomatik aloqalarni yanada mustahkamlash hamda tashqi turizmni rivojlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Festival Londonning ramzi bo‘lmish “Towyer Bridge” – mashhur Tauer ko‘prigi yonida, ya’ni Temza daryosi bo‘yidagi “Potters Fields” bog‘ida bo‘lib o‘tadi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi xabar bermoqda.
N.Usmonova, O‘zA