Bugungi kunda odamlar ishonuvchanmi yoki o‘ta soddami? Atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalar, qolaversa, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali har kuni “aldanib qolmang”, “notanish kimsalarga o‘zingiz haqingizda ma’lumot bermang” deb bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramasdan, aksariyat kishilar firibgarlarning qurboniga aylanmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi raisi Sh.Shamambetov boshchiligida ko‘rilgan navbatdagi  jinoyat ishi aynan o‘zgalarning ishonchiga kirib, uni aldab, moddiy boylik to‘plash  bilan bog‘liq bo‘ldi.

1969 yilda tug‘ilgan “M” ismli fuqaro Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida hamshira bo‘lib ishlashiga qaramasdan, “N” ning ishonchiga kirib poliklinikada yuqori   lavozimlarda   ishlovchi   tanishlari   orqali   uni 10 million so‘m evaziga Nukus   shahridagi   6-sonli   poliklinikaga   hamshiralik ishiga joylashtirishni va’da qiladi. O‘z xizmat xonasida “N” ni pora berishga qiziqtirib,  10 million so‘m pulini olgan vaqtida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Shunday qilib,  “M” o‘zining yuqoridagi harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25, 168-moddalari 1–qismi va 28, 211-moddalari 1–qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan.

Sud hukmi bilan  unga tegishli jazo tayinlandi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA