O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning ishonchli vakili Xalilla Yeshimbetov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani saylovchilari bilan uchrashdi.

Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, ishonchli vakil Xalilla Yeshimbetov saylovchilarni nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Jumladan, dasturda kuchli ijtimoiy siyosat, arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmat, kafolatli va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti, tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligi, sud-huquq islohotlari, konstruktiv tashqi siyosatga oid ustuvor taklif va tashabbuslar ilgari surilgan.

Xalilla Yeshimbetov O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadi – ijtimoiy davlat konsepsiyasi ekani, shu boisdan ham yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan davlatning ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish mexanizmlarini mustahkamlash hamda demokratik ijtimoiy davlatni barpo etishga alohida e’tibor qaratilgani xususida to‘xtaldi.

Ishonchli vakil o‘z ma’ruzasida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqboldagi imkoniyatlari haqida to‘xtaldi. Xususan, nomzod dasturidagi aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlash, nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun barqaror ish o‘rinlari yaratish, ichimlik suvi, elektr, tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tashabbuslarga e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar saylovchilarni Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovga ovoz berishga chaqirdi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA