Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati, ularga yaratilayotgan keng imkoniyatlar mahallalardagi har bir xonadonga kirib borishi yoshlar yetakchilarining zimmasiga yuklangan mas’uliyatli vazifa hisoblanadi.

Shu maqsatda Toʻrtkoʻl tumani “Markazobod” mahallasi yoshlar yetakchisi Amantoy Nurjanov ish faoliyati bilan yaqindan tanishdik. U oʻz ish-faoliyatining dastlabki kunlaridanoq ushbu mas’uliyatni his qilgan holda barcha yoshlar yetakchilari singari eng avvalo, mahalladagi yoshlarning oilaviy, ijtimoiy holatlari va turmush darajasi bilan yaqindan tanishib chiqqanligini aytdi:

“Ushbu xatlov jarayonida e’tiborimni tortgan muammolardan biri, yosh oila hisoblangan Nazarovlar oilasi bo‘ldi. Ushbu yosh oilaning boquvchilari yo‘q bo‘lib, o‘zlari kollej talabasi hamda o‘sha paytda ishsiz  edilar. Doimiy daromad manbayi bo‘lmaganligi sababli o‘qishlarini tashlash holatiga kelib qolgan ekanlar. Ushbu yosh oilani o‘rganib chiqib, ularning bandligini ta’minlash harakatiga tushdim va ularni doimiy ish o‘rinlariga ishga joylashtirdim. Hozirgi paytda ushbu yosh oila o‘qishini ham, ishini ham birdek davom ettirib kelmoqdalar. Ushbu yosh oilaga bergan yordamimdan xabar topgan mahalladagi boshqa yoshlar, shuningdek, ularning ota-onalari ham murojaat qila boshlashdi. Ular orasida, hatto hozirgi kunda yoshlarimizga yaratilayotgan imkoniyatlardan bexabar yoshlar ham bor. Men esa ularga bu boradagi yangiliklar, imtiyozlar haqida batafsil tushuncha berib bormoqdaman.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz tarixida birinchi marotaba mahalla ko’chalaridan tortib to respublika bosqichigacha o‘tkazilgan keng qamrovli “Besh tashabbus olimpiadasi” mahallamiz yoshlari hayotida kutilmagan yangiliklardan biri bo‘ldi. Ushbu olimpiada doirasida o‘tkazilgan musobaqalar natijasida nafaqat mahallamizda, balki tumanimiz yoshlari orasida hali kashf etilmagan iste’dod va iqtidor sohiblari juda ko‘pligiga guvoh bo‘ldik.

Mahallamda jami 11 ta ko‘cha bor. Ushbu olimpiada doirasida o‘tkaziladigan musobaqalar boshlanishidan ancha avval xatlov jarayonida yoshlar orasidan lider yoshlarni saralab olib, ko‘cha sardorlari etib tayinlagandim. Sardorlarim haqiqiy ma’noda ushbu olimpiadani o‘tkazishimda menga ko‘makchi bo‘lishdi. Mahallam unchalik katta bo‘lmasa ham, iqtidorli yoshlar juda ko‘p. Misol tariqasida, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan stol tennisi musobaqalarida mahallamiz yoshlari 27-30 yosh – o‘g‘il bolalar toifasida tumanda 3-o‘rinni, “Zukko kitobxon” ko‘rik-tanlovida mahallamiz jamoasi tuman bosqichida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, hududiy Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ham faol ishtirok etdilar. Shuningdek, “Kibersport” tanlovida mahallamiz yoshlaridan Sarvarbek PES2022 turi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda yakuniy final bosqichida ham faol ishtirok etdi. Jumladan, mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilgan “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalarining tuman bosqichida mahallamiz jamoasi 2-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

Yaqindagina o‘tkazilgan “Fidoyi yoshlar yetakchisi” Respublika tanlovining tuman bosqichida 2-o’rinni qo‘lga kiritdim. Ushbu harakatlarim natijasida 30-iyun “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida o‘tkazilgan yoshlar festivali doirasida 4-sektor yoshlar yetakchilari orasida “Eng faol yoshlar yetakchisi” nomiga sazovor bo‘ldim. Ushbu yutuqlarimning barchasida mahalla yoshlarining, sardorlarining o‘rni katta va bu mendagi o‘zimga bo‘lgan ishonchni yanada oshiradi”- deydi etakchi Amantoy Nurjanov.

Taʼkidlash lozimki, davlatimiz rahbari aytganidek yoshlarimiz – Yangi O‘zbekiston yoshlari, xalqimizning “oltin fondi”. Bu fondni yanada boyitish esa  yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalaridan biridir.


Maftuna
УUsupboyeva,

QMU, internet jurnalistikasi

 yoʻnalishi 1- kurs talabasi.

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi