Shu yil 9 iyul kuni mamlakatimizda muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlari qizg‘in pallaga kirmoqda. Saylovni munosib o‘tkazish maqsadida barcha jarayonlar qonunchiligimizga muvofiq tarzda bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
– Saylov kodeksiga ko‘ra, siyosiy partiyalar jami saylovchilarning kamida bir foizi miqdorida nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzolarni to‘plashi kerak, – dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov. – Joriy yilning 31 may kuni Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, 1 iyun kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olishni so‘rab murojaat etdi va nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim qildi. Markaziy saylov komissiyasining ekspert guruhlari joriy yil 31 may-2 iyun kunlari yuqoridagi 4 ta siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan fuqarolarning nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini saylov qonunchiligi talablariga qat’iy amal qilgan holda tekshirdi. Tekshirish natijalariga ko‘ra, ekspert guruhlari a’zolari siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzolar qonunchilik talablariga muvofiq to‘planganligini inobatga olib, barcha 4 ta siyosiy partiya tomonidan to‘plangan imzo varaqalari ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun yetarli miqdorda hamda qonunchilik talablariga mos ekanligi to‘g‘risida xulosaga kelgan. Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi Ekspert guruhlari tomonidan taqdim etilgan xulosalarni inobatga olgan holda hamda siyosiy partiya taqdim etgan hujjatlar qonunchilik talabiga to‘liq mos kelishi, belgilangan tartibda va muddatda murojaat qilinganidan kelib chiqib, siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish yuzasidan o‘z xulosasini taqdim etdi.
Majlisda kun tartibidagi masala yuzasidan MSK a’zolarining fikr-mulohazalari tinglandi. Shundan so‘ng Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatovni, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Anvarovna Mahmudovani hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini o‘tkazish masalalari muhokama etildi. Qonunchiligimizda belgilangan tartib va muddatlardan kelib chiqib, Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2023 yil 7 iyundan boshlanishi qayd etildi va qaror qabul qilindi.
Tashviqot ishlarini olib borishda barcha nomzodlar uchun tenglik tamoyiliga amal qilinishi ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining respublika va hududiy teleradiokanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti, “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” kabi Respublika gazetalarida hamda 24 nomdagi mahalliy gazetalarda bepul ajratiladigan nashr maydoni tasdiqlandi. Ta’kidlandiki, ommaviy axborot vositalari saylovoldi tashviqoti davrida bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydoni doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti davrida chiqishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi. Yangiliklar dasturida va boshqa axborot materiallarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tadbirlarini yoritishda tenglik prinsipiga rioya etishi lozim. Majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar asosida 9 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining 39 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA