Xabaringiz bor, poytaxtimizda 2025 yili yoshlar Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Ayni kunlarda mazkur yirik sport anjumanini yuqori saviyada o‘tkazish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Toshkent-2025” o‘yinlari bo‘lib o‘tadigan Olimpiya shaharchasida qurilish ishlari bir necha oydan keyin yakunlanadi. Unda barpo etilayotgan inshootlardan samarali foydalanish kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylanib bormoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi, “Toshkent-2025” direksiyasi direktori Oybek Qosimov va bir qator mas’ul xodimlar ishtirokida direksiyasi faoliyati muhokama qilindi.
Qayd etish joiz, binolar foydalanishga topshirilgach, ko‘plab sport federatsiyalari va assotsiatsiyalar ushbu kompleksga ko‘chib o‘tadi. MOQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbat davomida federatsiyalarning joylashuvi batafsil ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar bu borada mavzuning dolzarbligi xususida to‘xtalib, joylashuv to‘g‘ri tartibda amalga oshirilgan bo‘lishi lozimligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, direksiya faoliyatini yanada takomillashtirish borasida takliflar berildi. Unga sohada ulkan tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb qilish, xalqaro tashkilotlar va qit’amizdagi Milliy olimpiya qo‘mitalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA