Futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi 2-musobaqasining g‘arbiy mintaqasida to‘rtinchi tur uchrashuvlari o‘z nihoyasiga yetdi.

Musobaqaning “A” guruhidan joy olgan “Traktor” va “Ravshan” jamoalari bahsi yirik 7:0 hisobida yakunlangan bo‘lsa, “Mohun Bagan” klubi ishtirok etmayotgani bois “Al-Vakra” ushbu turda dam oldi. Mazkur natijalardan so‘ng “Traktor” klubi 3 o‘yinda 9 ochko bilan guruhda yaqqol peshqadamga aylandi. Bir mag‘lubiyat va g‘alaba qayd etgan “Al-Vakra” jamoasi hamon 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qolmoqda. “Ravshan” uchinchi marotaba mag‘lubiyat alamini totdi.

Endi 5-turda “Traktor” –  “Al-Vakra” klublari o‘rtasida bahs bo‘lib o‘tadi. Bu turda “Ravshan” klubi o‘yin o‘tkazmaydi.

“B” guruhida “Al-Tavun” safarda “Altin Asr” jamoasiga qarshi maydonga tushdi va mezbonlar darvozasiga javobsiz 4 ta gol urib, muhim uch ochko bilan o‘z uyiga qaytdi.  “Al-Xaldiya” esa o‘z maydonida “Al Quva Al-Javiya” jamoasini 4:1 hisobida taslim etdi. Shu tariqa, “Al-Tavun” va “Al-Xaldiya” bir xil 9 ochko jamg‘argan holda bu turni yakunladi. “Al Quva Al-Javiya”  jamoasi 6 ochko bilan uchinchi o‘rindan joy oldi. Faqatgina “Altin Asr” 4 o‘yinda mag‘lub bo‘lib, guruh autsayderi bo‘lib turibdi.

5-turda “Altin Asr” o‘z maydonida “Al Quva Al-Javiya” bilan raqobatlashadi. “Al-Tavun” “Al-Xaldiya”ni mehmon qiladi.

“S” guruhida qizaqarli holat yuz berdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, “Sepahon” va “Sharja” bahsi 3:1 hisobida yakunlandi. Qiziqarli tomoni shundaki, ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘tgan tur uchrashuvida “Sharja” aynan shunday hisobda g‘alaba qozongan edi. “Al-Vehdat” esa bu gal ham “Istiqlol”ni o‘tgan o‘yindagi kabi 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

Qayd etilgan ushbu natijalardan so‘ng, guruhda “Al-Vehdat” 10 ochko bilan birinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan bo‘lsa, “Sharja” 7 ochko to‘plab ikkinchi o‘ringa joylashdi. “Sepahon” ochkolarini 6 taga yetkazib, uchinchi o‘rinni band etdi. “Istiqlol” jamoasi esa musobaqadagi omadsiz yurishini bu turda ham davom ettirdi.

Bu guruhdagi to‘rtinchi tur bahslarida “Sepahon” – “Al- Vehdat”,  “Sharja” –  “Istiqlol” jamoalari bahsiga guvoh bo‘lamiz.

Osiyo chempionlar ligasi 2-musobaqasining “D” guruhidan o‘rin olgan   “Nasaf” – “Al-Husayn” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 1:2 hisobida yakunlandi. Buning natijasida “Al-Husayn” 9 ochko jamg‘arib, guruhda karvonboshilik qilmoqda. “Nasaf” esa 4 ochko bilan uchinchi o‘ringa joylashdi. “Shabab Al-Ahli” safarda “Kuvayt SK” bilan 3:3 hisobida durang o‘ynadi hamda o‘z ochkolarini 7 taga yetkazgan holda guruhda ikkinchi bo‘ldi. “Kuvayt SK” 2 ochko jamg‘arib, so‘nggi pog‘onada qoldi.

Shu o‘rinda, “Nasaf” klubining guruhdagi vaziyati haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari garchi so‘nggi ikki turda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, guruhda ikkinchi o‘rinda borayotgan “Shabab Al-Ahli” klubi bilan o‘rtadagi farq 3 ochkoligicha qoldi. Endi “Nasaf” 27 noyabr kuni “Kuvayt SK” jamoasini va 4 dekabrda “Shabab al-Ahli”ni yenga olsa, keyingi bosqichga yo‘l oladi. Biroq, bu uchun qolgan ikki turda “Shabab Al-Ahli” ochko yo‘qotishi lozim.

Guruhdagi 5-tur uchrashuvlarida “Nasaf” – “Kuvayt SK”, “Al-Husayn” – “Shabab Al-Ahli” jamoalari o‘zaro o‘yin o‘tkazadi.

Ma’lumot o‘rnida: 5-tur o‘yinlari 26-27 noyabr kunlari tashkil etiladi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA