AQSH prezidentligi uchun kurashda mag‘lub bo‘lgan demokrat Kamala Xarris saylovda g‘alaba qozongan respublikachi raqibi Donald Trampga qo‘ng‘iroq qilib, uni tabrikladi va mag‘lubiyatini tan oldi.
Xarrisning yordamchilaridan biri CNN telekanaliga bildirishicha, vitse-prezident hokimiyat tinch yo‘l bilan almashinishi muhimligini ta’kidlagan va Tramp barcha amerikaliklarning prezidenti bo‘lishidan umidvor ekanini aytgan.
Saylovdagi mag‘lubiyatini rasman tan olgan Xarris bugun mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da nutq so‘zlab, saylov natijalariga baho berishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 5 noyabr kuni AQSHda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Donald Tramp yetarli ovoz olib, yana mamlakat prezidenti bo‘lish huquqini qo‘lga kiritdi.
U 2025 yil 20 yanvarda rasman qasamyod qiladi.