O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda vazirlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, xususan, vazirlik tizimiga o‘tkazilayotgan tashkilotlar, yangi va qayta tashkil qilinayotgan tuzilmalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, sohada olib borilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha qilinadigan ishlar hamma-hammasi belgilab berilgan.
Qarorga ko‘ra, tizimda monitoring ishlarini amalga oshirish uchun Situatsion markaz, shuningdek, Parij bitimi (Parij, 2015 yil 12 dekabr) doirasida qabul qilingan majburiyatlarni bajarish, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi vazifalarga erishish hamda yashil transformatsiya, shu jumladan, “yashil sertifikat” va ekologik markirovkalash tizimlarini joriy etishga mas’ul bo‘lgan Yashil transformatsiya va iqlim o‘zgarishiga moslashish milliy markazi tashkil etiladi.
2023 yil 1 iyulga qadar “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalariga tegishli qattiq maishiy chiqindi poligonlari vazirlik tasarrufiga o‘tkaziladi.
2025 yil 1 yanvarga qadar tibbiyot muassasalari, veterinariya va farmatsevtika sohasi tashkilotlari chiqindilari sanitar tozalash korxonalari tomonidan markazlashgan holda amalga oshiriladi.
Qarorda 2024 yil 1 yanvardan boshlab Bo‘stonliq va Zomin tumanlaridagi turistik-rekreatsion zonalarda ekologik toza hudud rejimi tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.
2023 yil 1 iyuldan boshlab bir oy davomida hududlarda daraxtlarning ildiz tizimlarini beton va asfalt qoplamalaridan, turli chiroq moslamalaridan, reklama banneri va shitlaridan bo‘shatishga qaratilgan “Daraxtga nafas bering” ommaviy tadbirlari o‘tkaziladi.
2024 yil 1 martdan boshlab ekologik toza hudud rejimi joriy qilingan hududlardagi fuqarolar yig‘inlariga “ekomahalla”, “ekoqishloq” va “ekoovul” maqomi beriladi. Fuqarolar yig‘iniga tegishli hududda elektr energiyasi quyosh batareyalariga almashtiriladi, yo‘nalishli elektrobus harakatlanishi yo‘lga qo‘yiladi, “yashil bog‘” va “yashil jamoat park”lari tashkil etiladi, savdo shoxobchalarida plastik paketlar savdosi taqiqdanadi. Maishiy chiqindilarni saralash, shuningdek, qayta ishlanadigan chiqindilarni qabul qilish uchun fondomatlar o‘rnatiladi.
“Ekomahalla”, “ekoqishloq” va “ekoovul” maqomi hududda yashovchi fuqarolar roziligi bilan vazirlik tomonidan beriladi.
Qarorda Yangi Toshkent hududida vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar, shu jumladan, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti majmuasi qurilishi bilan bog‘liq vazifalar ham ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zA