Qirg‘izistonning Bishkek shahrida sport kurashlari bo‘yicha o‘tayotgan nufuzli musobaqada hamyurtlarimiz 2 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Xalqaro sport kurashlari federatsiyasi reyting seriyasidan joy olgan mazkur turnirning ilk kunlarida yunon-rum kurashi ustalari bellashuvlarda qatnashdi.
Shiddatli bahslar sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Islomjon Bahromov va Jalgasbay Berdimuratov oltin, Ixtiyor Botirov va Shermuhammad Sharibjonov kumush va Abror Ataboyev bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Bugun va ertaga xalqaro turnir nizomiga binoan, ayollar kurashi hamda erkin kurash ustalari o‘rtasida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA