Hindistonning Odisha shtatida uchta poyezd to‘qnashib ketishiga elektron to‘sish tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan, deb bayonot berdi mamlakat temir yo‘llar vaziri Ashvini Vayshnav “NDTV” telekanali orqali.
– Elektron bloklash payti tizimda o‘zgarish sodir bo‘lgan, shu bois halokat yuz bergan – degan u. – Bu voqea qanday, kimning aybi bilan sodir bo‘lgan, tekshiruvdan keyin aniqlanadi.
Juma kuni Hindistonning Balasor shahri yaqinida ikki yo‘lovchi va bir yuk poyezdi to‘qnashib, yirik halokat sodir bo‘ldi. Faktlar aniqlashtirilgandan keyin ma’lum qilinishicha, Kalkuttadan Chennayga qarab ketayotgan 10-12 vagondan iborat yo‘lovchi poyezd va yuk poyezdi to‘qnashib, izdan chiqib ketgan va yondosh yo‘lga ag‘anagan. Bir oz vaqt o‘tib, tarkibga boshqa yo‘lovchi poyezd kelib urilgan.
Natijada yana uch-to‘rt vagon izdan chiqib, qulagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, favqulodda hodisa tufayli 288 kishi halok bo‘lgan, 900 kishi jarohat olgan.