“Haj-2023” mavsumida haj amallarini ado etish uchun bugun o‘zbekistonlik ilk ziyoratchilar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi reysi bilan Saudiya Arabistoning Madina shahriga yetib bordi.

Ularni Muhammad bin Abdulaziz nomidagi xalqaro aeroportda davlatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari, O‘zbekiston ishchi guruhi a’zolari kutib olishdi.

Ilk ziyoratchilarimiz besh yulduzli “Pullman Zamzam” mehmonxonasiga joylashtirildi.
Bu yilgi haj mavsumida O‘zbekistondan 15 ming musulmon Saudiya Arabistoniga borishi rejalashtirilgan. Barcha ziyoratchilar uchun Madina va Makka shaharlarida qulay sharoitlar yaratilgan.

“Haj-2023” mavsumini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalarni Bosh konsulxona Saudiya Arabistoni mutasaddi tashkilotlari bilan muvofiqlashtirmoqda. Ziyoratchilarga O‘zbekiston Haj komissiyasi tomonidan yuborilgan ishchi guruh a’zolari va malakali shifokorlar hamrohlik qilmoqda.

O‘zA