O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Prezident Vladimir Putinga samimiy qutlov hamda kuni kecha Buxoro viloyatida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi yakunlangani va ishga tushirilgani munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Rossiyadan nufuzli delegatsiya ishtirok etgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
“LUKOYL” kompaniyasi bilan hamkorlikda tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo‘yicha ishga tushirilgan yuqori texnologik ishlab chiqarish majmuasi mamlakatlarimiz o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining yana bir yorqin namunasi ekani alohida ta’kidlandi.
Muloqotda oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar doirasida O‘zbekiston – Rossiya ko‘p qirrali aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Prezidentiga davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelishni yana bir bor taklif etdi. Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi. Tashrifning aniq muddati diplomatik kanallar orqali kelishib olinadi.
Muloqot so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin turli formatlarda o‘zaro aloqalarni faol davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.