Yakshanba kuni Xitoy davlat televideniyesi C919 samolyotining Shanxay – Pekin yo‘nalishi bo‘yicha ilk parvozini namoyish qildi.
Samolyot Xitoyning tijorat aviatsiya korporatsiyasi (Comac) tomonidan ishlab chiqarilgan. Ushbu loyiha Airbus va Boeing ishlab chiqarayotgan torfyuzelyajli samolyotlarni bozordan siqib chiqarish maqsadida amalga oshirilgan. Bir vaqtlar Rossiyaning Sukhoi Superjet 100 samolyoti ham shu maqsadda chiqarilgan edi.
Biroq Xitoyning ushbu 164 o‘rinli samolyoti hali ham G‘arbda ishlab chiqarilayotgan butlovchi qismlarga qaram hisoblanadi.
Bortida 130 yo‘lovchi bo‘lgan yangi havo kemasi Shanxaydan Pekingacha uch soatga yaqin uchgan.
Ayni damda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan China Eastern Airline aviakompaniyasi allaqachon mazkur samolyotdan beshtasiga buyurtma berdi, deyiladi xabarda.
Comac kompaniyasi dastlabki besh yil davomida yiliga 150 ta samolyot chiqarishni rejalashtirmoqda. Hozirgacha 1 ming 200 ta C919 havo laynerlariga buyurtma berilgan.