Nukus tumani hududidagi Kerder madaniyatiga tegishli bo‘lgan “Hayvonqal’a” yodgorlik majmuasida xalqaro arxeologik ekspeditsiya o‘tkazilmoqda. Rossiya Federatsiyasi Qozon federal universiteti va Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasi asosida tashkil etilgan ekspeditsiya joriy yilning 23 may kunidan 10 iyunga qadar davom etadi.
Xalqaro miqyosda birinchi marta tashkil etilayotgan mazkur arxeologik ekspeditsiyada Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi Fanlar Akademiyasi A.X.Xalikov nomidagi Arxeologiya instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Ayrat Sitdikov rahbarligidagi olimlar, shu bilan birga, Rossiya, Qozog‘istonning oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlaridan 20 nafardan ortiq mutaxassis, shuningdek, institutning Tarix fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirok etmoqda.
– Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning qoraqalpog‘istonlik talaba-yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvida men xorijiy oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda talabalari bilan tajriba almashish imkoniyatini beruvchi xalqaro ekspeditsiyalar tashkil etish taklifini bildirgan edim, – deydi Nukus davlat pedagogika instituti Tarix fakulteti talabasi J.Jollibayeva. –Mana, bugun men va men bilan birga tahsil olayotgan yoshlar shunday imkoniyatga ega bo‘layapmiz. Bu bizlarning nazariy bilimlarimizni amaliyotda mustahkamlash imkonini beradi.
“Hayvonqal’a” arxeologik yodgorligida amalga oshiriladigan xalqaro ekspeditsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad, arxeologik qazishma ishlari natijasida topilgan buyumlar hamda madaniy qatlamlar bo‘yicha xalqaro ilmiy fikrni shakllantirish, shuningdek, ilmiy xulosalar chiqarish uchun belgilangan ishlarni bajarishdan iborat. Buning uchun institut tomonidan 1 milliard 400 million so‘mga maxsus chodirlar hamda 4 milliard so‘mga qazishma ishlarida foydalaniladigan arxeologik asbob-uskunalar sotib olindi.
To‘plangan materiallar asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ularning natijalarini keng jamoatchilikka, jumladan, xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, institutning Tarix fakulteti talabalarining nazariy bilimlarini amaliyot davomida mustahkamlash, xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish xalqaro ilmiy-arxeologik ekspeditsiyadan kutilayotgan amaliy natijalar hisoblanadi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri