O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Bo‘zatov yoshlar ovozi” tanlovi g‘oliblarini tajriba almashish uchun xorijiy mamlakatlarga yuborish vazifasi belgilangan edi.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Italiyadagi “Progetto Angeli – APS” xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan Italiyaning Pezaro shahrida “O‘zbekiston madaniyati kunlari va uning do‘stlari” mavzusida O‘zbekiston madaniy merosi loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir doirasida “Bo‘zatov yoshlar ovozi” tanlovining 2022 yil g‘oliblari hamda loyiha tashkilotchilaridan tashkil topgan O‘zbekiston delegatsiyasi tajriba almashish uchun Italiyaga tashrif buyurdi.
Tanlov g‘oliblari Italiyada o‘z chiqishlari bilan qatnashdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zbek san’atini, madaniyatini iqtidorli va ijodkor yoshlarning qobiliyatlari orqali dunyoga tanitish bo‘ldi.
– “Yoshlar ovozi” tanlovi baxshichilik, milliy an’anaviy ijro, opera, hamda estrada yo‘nalishlarida ijod qilayotgan yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, katta sahnalarda o‘z san’atini namoyish etishi uchun keng yo‘l ochib berish maqsadida har yili o‘tkaziladi. Unda 10-15 yosh, 16-22 yosh hamda 23-30 yosh toifasidagi yoshlar qatnashadi. Mazkur tanlovda qatnashish uchun o‘tgan yili 250 mingdan ortiq yoshlar “Besh tashabbus” bot orqali ariza topshirgan. Ular orasidan 12 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Endilikda esa birinchi o‘rinni egallagan yoshlarimiz davlatimiz rahbari topshiriqlari bilan Italiyaga malaka oshirish uchun yetib kelishdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi vakili Shohbek Ergashev.
Yoshlarimiz birinchi kuni Pesaro shahrida 4 kun O‘zbekiston haftaligida konsert dasturlari bilan qatnashdi. So‘ng 3 kun davomida Italiyaning malakali professorlaridan mahorat darslarini oldi.
– Yurtboshimiz tashabbusi bilan Italiyaga kelishga muvaffaq bo‘ldim. Bu yerda opera yo‘nalishi bo‘yicha chet ellik tengdoshlarim hamda Italiyaning yetuk operachilaridan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Xususan, Fabio Andreottidan saboq oldim. Endilikda o‘rganganlarimni qo‘llagan holda o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashni davom ettiraman. Maqsadim yaqin kelajakda opera yurti bo‘lgan Italiyada o‘qishimni davom ettirish, – dedi “Yoshlar ovozi” tanlovining opera yo‘nalishi bo‘yicha Respublika bosqichi g‘olibi hamda boshqa bir qator tanlovlar sovrindori Lazizbek Shonazarov.
Xushnudjon Solijonov o‘tgan yili “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” tanlovida maqom yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan, Zuhra Tursunboyeva “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan. Shu bilan birga, yoshlar orasida “Top music” tanlovi final bosqichi ishtirokchisi Zarima Maxsudova ham bor. Mazkur loyiha vakili hamda delegatsiya a’zosi sifatida Alisher Uzoqov ham o‘z fikri bilan ulashdi.
–Italiyaning o‘ziga yarasha katta tarixga ega bo‘lgan shaharlarida bo‘ldik va o‘sha shaharlar madaniyati, aynan musiqa yo‘nalishi bo‘yicha yoshlarimizning malakasini oshirdik. Rimning Santa Sesiliya konservatoriyasi bilan tanishdik. Butun jahonga mashhur konservatoriya rahbariyati bizning yoshlarimizning u yerda o‘qish taklifini berdi. Bu esa katta yutuq deb o‘ylayman. Sababi bu biz tomondan emas, balki italiyalik hamkasblar tomonidan berilgan taklifdir. Agarda biz ularni o‘z san’atimiz bilan hayratga sola olmaganimizda ular nazarimda bunday taklifni ilgari surishmas edi. Ular bizning yoshlarimiz katta iste’dod egasi ekanligini bilgandan keyin ushbu taklifni berishdi, – deydi Alisher Uzoqov.
“Bo‘zatov yoshlar ovozi” tanlovining g‘oliblari O‘zbekiston haftaligida ishtirok etgani hamda mahorat darslarini olgani bo‘yicha sertifikatlar bilan taqdirlandi. Tashrifning so‘nggi kunlarini Rim shahrida o‘tkazdi. Kolizey oldida milliy qo‘shiqlarni kuylab aholini o‘zbek san’ati bilan tanishtirdi.
Endilikda yoshlarimiz uchun yanada yangi sharoitlar yaratish maqsadida Italiyaning Rimdagi Santa Sesiliya konservatoriyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida memorandum tuzish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Nazokat Rajabova, O‘zAning Italiyadagi muxbiri