Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi va Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali tomonidan veterinariya mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv forumi o‘tkazildi.

Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida o‘tkazilgan forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad sohada faoliyat olib borayotgan kadrlarning malakasini oshirish, ularda yangi va zamonaviy bilim ko‘nikmalarini shakllantirish,  kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga ko‘tarish, xalqaro va mahalliy malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda bilim berishni tashkil etishdan iborat.

Unda soha vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, qo‘mitaning shahar va tuman bo‘limlari mutaxassislari, xalqaro va milliy maslahatchilar,  fermer xo‘jaliklari rahbarlari, filial professor o‘qituvchilari va talaba yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tashkil etilayotgan o‘quv forumining bosh maqsadi va undan kutilayotgan natijalarga to‘xtaldi. Jumladan, hindistonlik professor Mandava Subba Rao, loyiha mutaxassisi M.Eranov, loyihaning milliy maslahatchilari S.Abdalimov va J.Yulchiyev so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda veterinariya sohasida erishilgan yutuqlar va muammolar, kadrlarni tayyorlashda zamonaviy yondashuv haqida to‘xtaldi.

Loyihani   amalga   oshirish   guruhi   vakillari    tomonidan   19-20 may kunlari Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida, 22-23 may kunlari esa universitetning Toshkent filialida veterinariya mutaxassislari uchun uzluksiz ta’lim dasturiga bag‘ishlangan o‘quv forumlari o‘tkazildi.

  Dovud ABIBULLAEV, O‘zA