Birinchi masala yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ma’lumot berdi:
— Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 22 oktyabrdagi 966-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan hamda Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuziladi. Ushbu talablardan kelib chiqib, mamlakatimizning 39 ta chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasini tuzish maqsadga muvofiq.
Qonunchiligimizga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida tuziladigan uchastkalarni okrugga biriktirish to‘g‘risidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etiladi. Shundan kelib chiqib, xorijdagi saylov uchastkalarini 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirish taklif etilmoqda, — dedi MSK raisi o‘rinbosari.
Majlisda ushbu masala yuzasidan so‘z olgan MSK a’zolari ish, o‘qish, xizmat safari va boshqa maqsadlar bilan xorijiy davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining saylov huquqlarini ta’minlashda chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarimiz huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Muhokamalardan so‘ng chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalar huzurida 56 ta saylov uchastkasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi hamda mazkur saylov uchastkalari 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirildi.
Majlisda shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi ekspert guruhlari tuzildi hamda tegishli qaror qabul qilindi. Ekspert guruhi tarkibiga jami 36 nafar kriminalist, xatshunos ekspert-mutaxassislar, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining vakillari jalb etildi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ham ishtirok etadi.
Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilgani Markaziy saylov komissiyasi tomonidan to‘rt kunlik muddatda tekshiriladi.
Majlisda ko‘rilgan barcha masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA