Mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir – shu yilning 9 iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda mazkur saylovni munosib o‘tkazish borasida qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari tashkil etildi. Unda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda okrug saylov komissiyalari oldidagi asosiy vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘quv-mashg‘ulotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 42 nafar okrug komissiyalarining raisi, rais o‘rinbosari va kotibidan iborat a’zolari ishtirok etdi. Mashg‘ulotlar Markaziy saylov komissiyasining a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Huquqni muhofaza qilish akademiyasining professor-o‘qituvchilaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan olib borildi. O‘quv mashg‘ulotlaridan ko‘zlangan maqsad, saylov o‘tkazuvchi okrug komissiyalari a’zolarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdagi asosiy vazifalari, saylov jarayonlarini umum e’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga rioya etilgan holda, Saylov kodeksi talablari asosida uyushqoqlik bilan tashkil etishdagi ko‘nikmalarini oshirishdan iborat. Shundan kelib chiqib, seminar treningda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tashkil etish va o‘tkazishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari hamda Markaziy saylov komissiyasining qarorlari, saylov kalendar rejasining o‘ziga xos xususiyatlari, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish va ushbu ro‘yxatlar bilan ishlashda okrug saylov komissiyalari oldida turgan vazifalar kabi mavzular muhokama etildi. Shuningdek, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, ovoz berish kuniga tayyorgarlik, okrug saylov komissiyasining saylov jarayoni ishtirokchilari bilan hamkorligi, okrug saylov komissiyalar faoliyatini moliyalashtirish tartibi, saylov okrugi bo‘yicha ovoz berish yakunlarini aniqlash kabilar xususida batafsil ma’lumotlar berildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglari va uchastkalari uchun binolarni tanlash, ovoz berish xonalarini jihozlashga qo‘yilgan talablar yuzasidan ham amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA