Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

– Bugungi kunda yurtimizda metrologiyaga oid 91 ta laboratoriya mavjud bo‘lib, ularning 21 tasi xususiy sektorga tegishli, – dedi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori Dilshod Sattorov. — Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash va mazkur sohada xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng qulay sharoit va rag‘batlar yaratish zarurati “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo etmoqda.

Shu munosabat bilan mazkur qonun loyihasida o‘lchash vositalarini qiyoslash xizmatlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hisoblanmaydigan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat berish taklif etilmoqda. Shuningdek, eksklyuziv huquqlarni bekor qilish orqali mavjud monopoliyalarni bartaraf etish maqsadida davlat metrologiya nazoratini tashkil etish va sohada xizmatlarni ko‘rsatish funksiyalari belgilanmoqda. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning hududiy bo‘linmalari vakolatidagi metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish vakolati O‘zbekiston milliy metrologiya institutiga berilmoqda. Natijada davlat metrologiya nazorati va metrologiya xizmatlarini ko‘rsatishda vujudga keladigan manfaatlar to‘qnashuvi bartaraf etiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar turli sohalarda foydalaniladigan o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi tadbirkorlarga keng imkon yaratishini ta’kidladi. Qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Savol-javob va bahs-munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA