Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqasida huquq sohasidagi muhim voqealardan biri hisoblangan “Toshkent huquq bahori” (“Tashkent Law Spring”) III Xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan BMT, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti va boshqa hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan tadbirda 20 dan ortiq davlat vakillari, shu jumladan, Armaniston, Belarus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gruziya, Ozarbayjon, Rossiya, Ruminiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Sloveniya, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlardan ekspertlar ishtirok etdi.

“Fundamental huquqlar – abadiy qadriyatlar” mavzusiga bag‘ishlangan forumda sifatli norma ijodkorligi orqali qonun ustuvorligiga qadar, yuridik sohada raqamli texnologiyalarni qo‘llash, yuridik ta’limni rivojlantirish, davlat xizmatlari ko‘rsatishdagi yangicha yondashuvlar, sud ekspertizasiga oid masalalar, nizolarni hal etishda mediatsiya va arbitraj institutining o‘rni, korrupsiyaga qarshi siyosat, intellektual mulk singari dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ushbu sohalarga oid yangiliklar, ilg‘or tajriba haqida qizg‘in fikr almashildi.

Forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Toshqulov har bir shaxsning qadr-qimmati va tengligiga erishish muhimligini qayd etdi. O‘zbekistonning hozirgi siyosati aynan ushbu maqsadga qaratilgan.

Forumda ishtirok etgan xalqaro ekspertlar O‘zbekiston Yangi Konstitutsiyasi huquq dunyosida tarixiy hodisa bo‘lganiga e’tibor qaratdi. Inson huquqlari va himoyasi ustuvorligi kuchaytirilgani  e’tirofga loyiq ekani ta’kidlandi.

Yuridik sohada raqamli texnologiyalarni qo‘llash huquq tizimida mutlaqo yangi yo‘nalish. Bu borada sun’iy intellekt va blokcheyn texnologiyasini joriy etish ustida olib borilayotgan izlanishlar sohada yangi sahifa ochmoqda.

Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasining axborot markazi direktori o‘rinbosari Yekaterina Abrosimova sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarda fuqarolik-huquqiy javobgarlik masalasiga to‘xtaldi.

Odil sudlov islohoti bo‘yicha xalqaro ekspert Helen Berrouz sud tizimida raqamli transformatsiyaga to‘xtalib, onlayn formatda sudlovni amalga oshirish, odil sudlovni amalga oshirishda raqamli texnologiyalarni qo‘llashning afzalligi va nozik jihatlari haqida fikr bildirdi.

Sifatli norma ijodkorligi orqali qonun ustuvorligiga qadar bosib o‘tilgan yo‘lni O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov tahlil qilib berdi.

Norma ijodkorligi jarayonida O‘zbekistonda qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholash, korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Norma ijodkorligi jarayonida “aqlli tartibga solish” modeli joriy etildi. Ushbu sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ustida ish olib borilmoqda.

“Jahon adolati” loyihasi ijrochi direktori – Elizabet Andersen, Xalqaro rivojlanish huquqi tashkilotining bosh direktori – Yan Bigl, Belarus Respublikasi Qonunchilik va huquqiy tadqiqotlar milliy markazining direktori o‘rinbosari – Elena Semashko va boshqa mutaxassislar  norma ijodkorligida huquqiy ekspertiza jarayonlari muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

Sud ekspertiza faoliyati – huquq sohasining muhim tarmog‘i bo‘lib,  forum ishtirokchilari bu sohadagi yangiliklarni batafsil ko‘rib chiqdi.

Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida “Sud ekspertizasi faoliyatidagi dolzarb masalalar va islohotlar” mavzusidagi xalqaro davra suhbati ham tashkil etildi.

Sud ekspertiza faoliyatida maxsus jihozlar va dasturlarning roli, o‘rganilayotgan ob’ektlarning zarbani maydalashning sovuq qurollariga tegishliligini aniqlashning uslubiy yondashuvlari bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishga oid sessiyada Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev “fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi”, tamoyili amal qilayotganini qayd etdi.

Davlat xizmatlari markazlarida 280 ga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. Har kuni o‘rtacha 40-45 ming fuqaro markazlarga tashrif buyurib, xizmatlardan foydalanmoqda. 2017 yildan beri sohada 48 milliondan ortiq davlat xizmati ko‘rsatildi.

Forum davomida barcha sessiyalar qizg‘in bahs-munozaralar asosida o‘tdi. Xalqaro ekspert va mehmonlar O‘zbekiston huquq tizimidagi sezilarli yutuqlarga erishilganini e’tirof etdi. Forumga tashrif buyurgan nufuzli huquqiy idoralar vakillari bilan alohida uchrashuvlar ham tashkil etildi va samarali kelishuvlarga erishildi.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA