Nukusda nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish hamda muammolarini o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tomonidan Orolbo‘yida faoliyat yuritayotgan NNTlar vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Unda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yechimini kutayotgan  muammolar va ularni  bartaraf  etish  bilan  bog‘liq  fikr-mulohazalar tinglandi.

Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokchi va hamkor sifatida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini yanada oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini mustahkamlash, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish hamda ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan davlat grantlari hamda davlat ijtimoiy buyurtmalari uchun tanlov mavzulari davlat organlari bilan birgalikda e’lon qilinmoqda.

Tadbir yakunida Respublika ishchi guruhiga nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari tomonidan tavsiya va takliflar bildirildi.


Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA