O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Xalqaro Yozuvchilar gildiyasi vakillari va o‘zbek yozuvchilari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Xalqaro yozuvchilar gildiyasi rahbari, germaniyalik Lada Baumgarten, Isroildan Valentina Benderskaya, Belgiyadan Yelena Yaxnenko, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, yurtimizning adib va shoirlari, adabiyotshunoslari qatnashdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi va Xalqaro yozuvchilar gildiyasi faoliyati haqida videorolik namoyish etildi. – Xalqaro Yozuvchilar gildiyasi 2010 yilda tashkil etilgan, – dedi  Galina Dolgaya. – Gildiya yoshi, yashash joyi, millati va dinidan qat’i nazar, barcha ijodkorlarni birlashtirgan ijodiy jamoat tashkilotidir.

Tashkilot idorasi Germaniyada joylashgan. Unga yozuvchi Lada Baumgarten rahbarlik qiladi.

Tadbirda “Zamonaviy o‘zbek she’riyati sharhi”, “Zamonaviy bosqichda O‘zbekistonda bolalar adabiyotining rivojlanishi” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi va Xalqaro yozuvchilar gildiyasi nashrlarining kitoblar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

N.Usmonova, O‘zA