O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligida “Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Festival  Prezidentimizning 2022 yil 2 fevraldagi  “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 apreldagi “Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tkazilmoqda.

Festivaldan ko‘zlangan maqsad teatr san’ati sohasida halqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarini, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, yagona madaniyat platformasini shakllantirishdan iborat.

Shu bilan birga teatr san’ati sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirib, madaniy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirish, teatr san’ati namoyandalarini birlashtirish kabi ezgu maqsadlarni amalga oshirish ham maqsad qilingan.

Festival doirasida Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Belarus, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjondan teatr jamoalari hamda yurtimiz  teatr jamoalarining spektakllari namoyish etiladi. Shuningdek, sohaning yetakchi mutaxassislaridan iborat xalqaro ekspertlar guruhi tashkil etilgan.

22 may kuni O‘zbek Milliy akademik drama teatrida festival ochilishi oldidan “Adolat fasli” spektakli namoyishi bo‘lib o‘tadi. 23 may kuni G.Musrepov nomidagi Qozog‘iston davlat bolalar va o‘smirlar teatrining “Karagoz” spektakli va Turkiya Eski shahar mustaqil teatrining “Qaytish” spektakllari taqdim etiladi.

24 may kuni Ozarbayjon davlat yosh tomoshabinlar teatrining “Voyna” va Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrining “Qorqit” spektakllari ko‘rsatiladi. 25 may kuni V.Mayakovskiy nomidagi Tojikiston davlat rus drama teatrining “Ispoved Omara Xayyama” va O‘zbekiston davlat drama teatrining “Romeo va Juletta” spektakllari namoyish etiladi.

26 may kuni B.Kidikeyeva nomidagi Qirg‘iz davlat yoshlar teatrining “Umut” va Minsk shahar yangi drama teatrining “Varshavskaya melodiya” spektakllari qo‘yiladi. 27 may kuni Nodar Dumbadze nomidagi Tbilisi yosh tomoshabinlar teatrining “Noch i popugay” va Sankt-Peterburg Vasilev orolchasi davlat drama teatrining “Varshavskaya melodiya” spektakllari bo‘lib o‘tadi.

Namoyish etilgan spektakllar turli yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Ekspertlar guruhi xulosasiga ko‘ra, festival ishtirokchilari diplom (sertifikat), statuetka va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

28 may kuni Ashisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida davra suhbati, “Turkiston” san’at saroyida festivalning yopilish va ishtirokchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

 

N.Usmonova,  

O‘zA