Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida “Advokatura to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

– Mamlakatimizda sud-huquq islohotlari doirasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashning samarali institutlaridan biri bo‘lgan advokaturaning roli va ahamiyatini kuchaytirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi deputat A.Shodmonov. – Xususan, advokatura instituti va advokatlarning mustaqilligini ta’minlash, sud ishini yuritishning barcha bosqichlarida tomonlarning tortishuvi prinsipi asosida ishni tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib, advokatlarning professional faoliyatini bajarishi uchun zarur qonunchilik bazasi takomillashtirildi. Ammo shunga qaramay, advokatura sohasiga yosh mutaxassis kadrlarni jalb etish, sohaning jozibadorligini ko‘tarish orqali mamlakatimizda aholiga malakali yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar salmog‘ini oshirish bilan bog‘liq muammolar hanuz saqlanib qolmoqda. Ushbu qonun loyihasi bilan advokatlik litsenziyasini olishga imtihon topshirish uchun talabgor shaxsning yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi talabi bekor qilinmoqda. Bu esa oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchi huquqshunoslari orasida advokatura sohasiga bo‘lgan qiziqishning oshishiga va sohada kadrlar almashinuvi jarayonlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, deputat ushbu qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumot berdi. Shundan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA