Prezident raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlashda yangi bosqichga o‘tish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturida ishtirok ishtirok etayotgan tadbirkorlarga bojxona rasmiylashtiruvi paytida “yashil yo‘lak” tartibi qo‘llaniladi.

Dasturga kirgan tadbirkorlarga infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan ta’minlashda qo‘shimcha yengilliklar beriladi:

– yer, bino-inshootlarni auksion orqali xususiylashtirishda bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;

– qiymati 50 milliard so‘mdan yuqori loyihalar bo‘yicha infratuzilma xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Soliq va bojxona imtiyozlari to‘liq berilishini, arzon kreditlar o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlamagan rahbarlarga javobgarlik choralari ko‘rib boriladi.

Davlatimiz rahbari ushbu tizim bir martalik ish emas, davomli jarayon bo‘lishi zarurligini qayd etdi.

Vazirlar Mahkamasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Iqtisodiyot va moliya vazirliklariga joylarga chiqib, tadbirkorlar ko‘targan muammo va takliflarni o‘rganish va ularga ko‘maklashish topshirildi.

Mutasaddilar oldiga yil yakuniga qadar ushbu yangi tizim asosida 550 ming aholini o‘qitib, kambag‘allikdan chiqarish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.

O‘zA