Kecha Turkiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik va parlament saylovida berilgan ovozlarni sanash jarayoni davom etmoqda. To‘rt nomzoddan biri – Muharram Inje to‘rt kun avval kurashdan chiqqanini ma’lum qilgandi.

Saylov uchastkalaridagi qutilarning 98,55 foizi ochilib, byulletenlar sanalganda, amaldagi Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an 49.33, muxolifat yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li 45 foiz va yana bir muxolifat vakili Sinan Ogan 5,23 foiz ovoz to‘plagani ma’lum bo‘ldi. Bu raqamlarni “TRT” telekanali mahalliy vaqt bilan soat 07.00 da keltirdi.

Prezidentlikka nomzod saylovda g‘olib bo‘lishi uchun 50 foizdan ko‘p ovoz olishi kerak.

Xabarda aytilishicha, g‘olib xorijdagi uchastkalarda qayd etilgan ovozlar to‘liq sanab chiqilgach ma’lum bo‘ladi.

Birinchi turda hech bir da’vogar yetarli ovoz yig‘olmasa, 28 mayda ikkinchi tur o‘tkazilishi belgilangan.

Kecha, shuningdek, Turkiyada parlament saylovi ham bo‘lib o‘tgan. 15 may sahardagi ma’lumotga ko‘ra, davlat rahbari yetakchi bo‘lgan Adolat va taraqqiyot partiyasi 49,74 foiz ovoz to‘plab, parlamentdagi 600 o‘rindan 324 tasiga da’vogar bo‘lib turibdi. Qilichdoro‘g‘lining Respublika xalq partiyasi 34,94 foiz ko‘rsatkichga ega.